Odil sudlovni amalga oshirishga va huquqni muhofaza qilishning qonuniy tartibiga qarshi jinoyatlar safi kengaytirildi
230³-modda. Daxlsizlikka va immunitetga oid kafolatlarni buzish. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga yoki qonuniga muvofiq daxlsizlikka, immunitetga ega bo‘lgan shaxsni bila turib qonunga xilof ravishda ushlab turish, majburiy keltirish, unga nisbatan tezkor-qidiruv faoliyatini, surishtiruv, tergov harakatlarini yoki ularning huquqlari va erkinliklarini cheklaydigan boshqa har qanday protsessual majburlov choralarini amalga oshirish, shuningdek bunday harakatlar sodir etish to‘g‘risida buyruq yoki topshiriq berish, — muayyan huquqdan mahrum etib, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. O‘sha harakatlar: a) takroran; b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib; v) zo‘rlik ishlatib yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib; g) dalillarni soxtalashtirgan yoki ayblovning sunʼiy dalillarini vujudga keltirgan holda; d) qamoqqa olish yoki jinoiy javobgarlikka tortish orqali sodir etilgan bo‘lsa, — muayyan huquqdan mahrum etib, besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. O‘zbekiston Respublikasining 1998 yil 25 dekabrdagi №721-I-sonli Qonunining 6-moddasida advokatning daxlsizligi qayd etilgan bo‘lib unga ko‘ra, advokatning shaxsi daxlsiz. Advokatning daxlsizligi uning uy-joyiga, xizmat xonasiga, foydalanishidagi transporti va aloqa vositalariga, uning xat-xabarlariga, unga tegishli ashyolar va hujjatlarga ham taalluqlidir. Advokatga nisbatan jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori, viloyat, Toshkent shahar prokurori va ularga tenglashtirilgan prokurorlar tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin. Advokatning uy-joyi yoki xizmat xonasiga, shaxsiy yoki foydalanishidagi transportiga kirish, ularni ko‘zdan kechirish, tintuv o‘tkazish yoki olib qo‘yish, uning telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarini eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish, advokatni ko‘zdan kechirish va shaxsiy tintuvdan o‘tkazish, xuddi shuningdek uning pochta-telegraf jo‘natmalarini, unga tegishli ashyolar va hujjatlarni ko‘zdan kechirish yoki olib qo‘yish, advokatni majburiy keltirish, ushlab turish O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori, viloyat, Toshkent shahar prokurori va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning sanktsiyasi bilan amalga oshirilishi mumkin. Qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi advokatga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori, viloyat prokurorlari, Toshkent shahar prokurori va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning iltimosnomasiga ko‘ra jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudi tomonidan qo‘llanilishi mumkin. Advokatning ish bo‘yicha huquqiy nuqtai nazariga nisbatan surishtiruv organi, tergovchi, prokuror taqdimnoma kiritishi, shuningdek sud xususiy ajrim chiqarishi mumkin emas. Advokatni yuridik va jismoniy shaxslarga qonunga muvofiq yuridik yordam ko‘rsatganligi munosabati bilan jinoiy, moddiy va boshqa javobgarlikka tortish yoki unga shunday javobgarlikka tortish bilan tahdid qilish mumkin emas.