Уй хотининг номида хотиннинг хакки борми?

«Uyni men olganman. Hujjatlar ham mening nomimda. Senga hech narsa tegmaydi». Bunday gapning o‘zi mulk kimga tegishli ekanini hal qilmaydi. Huquqiy baho berishda uy qachon, qanday mablag‘ hisobidan va qaysi asosda olingani ahamiyatli. Nikoh davomida umumiy daromad hisobidan sotib olingan uy, odatda, er-xotinning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi.
Qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, uy faqat erning nomiga rasmiylashtirilgani xotinning mulkiy huquqini yo‘qqa chiqarmaydi.
Xotin uy-ro‘zg‘or ishlari va bolalar parvarishi bilan band bo‘lib, mustaqil daromad topmagan bo‘lsa ham, umumiy mol-mulkka nisbatan teng huquqqa ega.
«Sen ishlamagansan» degan vaj uni bu huquqdan mahrum qilishga asos emas. Bu kafolat Oila kodeksining 23-moddasida belgilangan.
Biroq har qanday uy ham umumiy mulk bo‘lavermaydi.
Erga nikohdan oldin tegishli bo‘lgan yoki nikoh davomida aynan unga hadya yoxud meros tariqasida o‘tgan uy, umumiy qoida bo‘yicha, uning o‘z mulkidir.
Bunda ham e’tiborli jihat bor: nikoh davomida umumiy mablag‘ yoki turmush o‘rtog‘ining mablag‘i yoxud mehnati hisobidan uyning qiymati ancha oshirilgan bo‘lsa, masalan, kapital ta’mirlangan yoki qayta qurilgan bo‘lsa, uni umumiy mulk deb topish masalasi yuzaga kelishi mumkin.
Oddiy ta’mirning o‘zi avtomatik ravishda bunday huquq bermaydi.
Mulk yuzasidan kelishmovchilik bo‘lsa, oldi-sotdi, hadya yoki meros hujjatlarini, bank o‘tkazmalarini, qurilish va ta’mir xarajatlarini tasdiqlovchi dalillarni saqlang. Nizoda aynan shu hujjatlar muhim bo‘lishi mumkin.