Bosh sahifa/Advokatlar/Blog postlar
Advokat KeraK
Jinoyat huquqi

VOYaGA YETMAGANLAR JINOYATCHILIGINING SABABLARI VA ULARGA IMKON BERGAN ShART-SHAROITLAR TAHLILI

Muallif: Dilshodbek Nurumov24-okt, 202624
VOYaGA YETMAGANLAR JINOYATCHILIGINING SABABLARI VA ULARGA IMKON BERGAN ShART-SHAROITLAR

VOYaGA YETMAGANLAR JINOYATCHILIGINING SABABLARI VA ULARGA IMKON BERGAN ShART-SHAROITLAR TAHLILI Har qanday jamiyatning barqaror rivojlanishi uning yosh avlodni to‘g‘ri tarbiyalash va huquqbuzarliklardan asrashga bevosita bog‘liqdir. Shu nuqtai nazardan qaralganda, voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi jinoyatchilik nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki butun jamiyat uchun jiddiy muammo hisoblanadi. Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar ko‘lami va tabiati nafaqat individual, balki ijtimoiy omillar taʼsirida shakllanadi. Jinoyat sodir etilishiga imkoniyat yaratuvchi sabablar va omillar muammosi har qanday kriminologik tadqiqotda u yoki bu tarzda ko‘rib chiqiladi, chunki u kriminologiyaning muhim muammolaridan biridir. Uni o‘rganish nafaqat nazariy, balki amaliy ahamiyatga ham ega. Jinoyat sabablari nima-yu, uning omillari deganda nimani tushunish lozim, degan masala bizning kriminologik adabiyotlarimizda, afsuski, hanuzgacha aniq hal qilinmagan. Aksariyat hollarda bu tushunchalar adashtiriladi yoki bir-biriga tenglashtiriladi. Aytilgan holatlar voyaga yetmaganlar huquqbuzarliklarining sabablari va omillari muammosiga ham taalluqli. Ushbu masalaga nisbatan har xil yondashuvlar mavjud. Voyaga yetmaganlar jinoyatchiligining sabablari jumlasiga quyidagilarni kiritish mumkin: yashash, o‘qish yoki ish joyidagi muhitning salbiy taʼsiri; o‘qishni tashlab ketgan o‘smirlar uzoq vaqt muayyan ish bilan shug‘ullanmasligi; o‘smirning noto‘g‘ri tarbiyalanishini belgilovchi shart-sharoit omillari; yoshi katta jinoyatchilarning dalolatchiligi; zo‘ravonlik va filmlar taʼsiri. Voyaga yetmaganlar jinoyatchiligining omillari sifatida quyidagilar qayd etiladi: nazoratsizlik; taʼlim-tarbiya ishlarida mavjud kamchiliklar; ishga joylashtirishda hamda ishlab chiqarishda tarbiya ishlarini tashkil etishda mavjud kamchiliklar; madaniy hordiq chiqarishni tashkil etishdagi kamchiliklar. B.A.Umrzakovning fikricha, voyaga yetmaganlar jinoyatchiligining subʼyektiv sabablari va shart-sharoitlari voyaga yetmaganning shaxsi bilan bog‘liq xodisalardir, obʼyektiv sabablar va shart-sharoitlar esa voyaga yetmaganning o‘zi bilan bog‘liq bo‘lganlardan tashqari ijtimoiy muhitning salbiy taʼsiri sifatida ko‘rishimiz mumkin. Jumladan, voyaga yetmaganlar jinoyatchiligining subʼyektiv sabablariga voyaga yetmagan shaxsning dunyoqarashi va maʼnaviy olami, qiziqishi va ehtiyojlari, qadriyatlari va hayotiy rejalari, huquqiy ongi va huquqiy madaniyat darajasi, turmush tarzi, maqsadi va yo‘nalishlari, motivlari kiradi. Voyaga yetmaganlar jinoyatchiligining obʼyektiv sabablariga oiladagi nosog‘lom muhit, jamiyatdagi iqtisodiy va siyosiy beqarorlik, oiladan tashqari muhitning (maktab, mahalla, kichik guruhlar), kriminogen hududning, shuningdek ommaviy axborot vositalari (internet, ijtimoiy tarmoqlar)ning salbiy taʼsiri kirishini taʼkidlagan [1]. S.S.Ostroumov va N.F.Kuznetsova fikriga ko‘ra, oiladagi tarbiyada yo‘l qo‘yilgan xatolar huquqbuzarliklar sodir etishning sabablari emas, balki omillaridir. I.I.Karpets esa, “Nazoratsizlik, unga yana ichkilikbozlik qo‘shilsa jinoiy hodisalarga olib kelishini taʼkidlagan. Jinoyatlarning sabablari va omillari tushunchalari materialistik dialektika kategoriyalarining muayyanlashtirilgan ko‘rinishlari hisoblanadi. “Sabab” va “omil” falsafiy tushunchalarini tushunib yetmasdan kriminologiyada ularni ilmiy talqin qilish va qo‘llash mumkin emas. Sababiy aloqalar – determinatsiya munosabatlari turlaridan biri. Determinatsiya – bu hodisalar o‘zaro aloqasining shundan bir usuliki, bunda bir hodisaning yuzaga kelishi boshqa hodisalar bilan belgilanadi. Determinatsiya munosabati bir tomondan belgilovchi omillar (determinantlar)ni nazarda tutsa, boshqa tomondan – belgilangan natija (hosila)ni nazarda tutadi. Determinizm umumiy printsipiga ko‘ra, voqealar muayyan tarzda yuz beradi va ular yuzaga kelishi mobaynida kechadigan jarayonlar belgilovchi omillar majmuidan tarkib topadi. Adabiyotlarda determinatsiya jarayonining quyidagi tarkibiy qismlari farqlanadi: 1) shart-sharoit; 2) faoliyat; 3) harakat (oqibat, natija). Shart-sharoit deganda, mazkur hodisa yoki uning xossalari yuzaga kelishi, mavjud bo‘lishi, o‘zgarishi yoki yo‘qolishini belgilovchi muhim omillar majmui tushuniladi. U yoki bu hodisa maʼlum joyda tegishli shart-sharoit yuzaga kelgan holdagina yuz berishi mumkin va muayyan shart-sharoit mavjudligi tufayli mavjud bo‘lishi mumkin. Shart-sharoitga aylanuvchi omillar belgilangan hodisa yuz bergunga qadar tasodifiy holatlar majmui sifatida mavjud bo‘ladi. Shunday qilib, o‘z holicha mavjud bo‘lgan muayyan omillar determinatsiya jarayonida o‘zlari belgilayotgan hodisaga nisbatan shart-sharoitga aylanadi. Shart-sharoitning mavjudligi hodisa yuz berishi mumkinligini anglatadi. Demak, sabab shart-sharoitni harakatga aylantiruvchi faol asosdir. Sababni faqat uning oqibati orqali tushunish mumkin va aksincha, oqibatning tabiatini faqat uning sababi orqali aniqlash mumkin, chunki ular bir-birini taqozo etadi [2]. Sabab va oqibat bog‘lanishlarini aniqlashga nisbatan quyidagi yondashuvlarni farqlash mumkin: 1) “kanditsionalistik” (shartli) yondashuv. Bunda oqibat uchun zarur va yetarli bo‘lgan holatlar majmuini tushuniladi. [3]; 2) anʼanaviy yondashuv. Tashqi taʼsir mazkur oqibatning sababi hisoblanadi. 3) anʼanaviy-dialektik yondashuv keng tarqalgan va kriminologik adabiyotlarda puxta ishlab chiqilgan yondashuv hisoblanadi. Unga ko‘ra, mazkur oqibatni yuzaga keltiruvchi hamma narsa sababdir. Muayyan tashqi holatlar taʼsirida obʼyektda o‘zgarishlar yuz berishi mumkin. Ayrim mualliflar salbiy ijtimoiy-ruhiy hodisalar va jarayonlarni jinoyatchilik va jinoyatning “bevosita” sababi deb hisoblaydi. Bundan “Jinoyatchilik sabablari doim ijtimoiy-psixologik tabiatga ega bo‘ladi”, degan xulosa kelib chiqadi. Bu ijtimoiy-psixologik muammolar kriminologiyada ikki yo‘nalishda, birinchidan, jinoiy xulq-atvor va jinoyatchilikning genezisini aniqlash nuqtai nazaridan, ikkinchidan, ko‘rib chiqilayotgan hodisaga qarshi kurash, shu jumladan huquqbuzarliklarning oldini olish nuqtai nazaridan o‘rganilishi lozim. Shaxsni kriminologik jihatdan o‘rganishda uni ijtimoiy muhitga bog‘lab tahlil qilish muhimdir, chunki jinoiy xulq-atvorni muhit yoki shaxsning o‘zi emas, balki ularning o‘zaro taʼsiri yuzaga keltiradi. Binobarin, ijtimoiy shart-sharoitning jinoiy xulq-atvor bilan aloqasi murakkab xususiyat kasb etadi, bunda ijtimoiy shart-sharoit doim jinoyatda shaxs orqali namoyon bo‘ladi. Jinoyatchilikning sabablarini muayyan omillarning, shu jumladan, obʼyektiv va subʼyektiv faktorlarning aloqadorligi deb tushuniladigan bo‘lsa hamda jinoyatchilik va uning sabablari to‘g‘risidagi gap ketganda kishilik jamiyatining ushbu bosqichdagi taraqqiyot darajasi, jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy tuzumi, davlat, davlatning hududi va obʼyektning rivojlanganlik darajasi, aniq vaqt va makondagi sabablar g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lib qoladi. Jinoyatchilikning boshqacha sabablari tarafdorlari asosiy diqqatni shaxs bilan ijtimoiy muhit o‘rtasidagi aloqadorlik mexanizmining xususiyatlariga qaratadilar. Bunda faqat subʼyektning ahloqiy va boshqa shaxsiy xususiyatlarigina emas, balki uning ijtimoiy muhit bilan aloqadorligining turi bilan ham bog‘liqdir deb hisoblaydi. “Bunda biz insonning shaxs sifatida mavjud bo‘lishi uchun shunday aloqadorligidan kelib chiqamiz, – deb taʼkiddaydi A.M.Yakovlev. Yuqorida aytilgan ijtimoiy-ruhiy yo‘nalish muammosi kriminologiyada ikki yo‘nalishda o‘rganiladi: birinchidan - jinoyatchilik va jinoiy xulq genezisini aniqlash nuqtai nazaridan; ikkinchidan - ko‘rilayotgan hodisaga qarshi kurash olib borish, shu jumladan, huquqbuzarliklarning samarali oldini olish nuqtai nazaridan. Agar jinoyatchilik to‘g‘risida ijtimoiy-ruhiy jihatdan gapiriladigan bo‘lsa, shuni taʼkidlash kerakki, jinoiy xulqda amalda har doim ham “muhit – jinoyatchi” nuqtai nazaridan qarab kelingan. Bunda ana shu omillardan qaysi biri (yaʼni muhitmi yoki jinoyatchi) birinchi va hal qiluvchi ahamiyatga ega, degan masala turlicha hal qilingan. XIX asrda bu borada bir-biriga tamoman qarama-qarshi ikkita yo‘nalish mavjud edi. Bulardan biri Ch.Lombrazoning ilmiy ishlarida aniq ifodalangan. Ikkinchisi esa, Lakassanning ishlarida o‘z ifodasini topgan. Ch.Lombrazo jinoyatchilikning dastlabki sabablarini jinoyatchining o‘zida deb hisoblagan va jinoyatchilikning sabablari shaxsning tug‘ma anatomik-fiziologik anomaliya (buzilish, chetga chiqish) va ruhiy xususiyatlarida yotadi deb hisoblagan. Hozirgi zamon kriminologik adabiyotlarda jinoiy xulq va uning sabablarini biologiyalashtirish keskin qoralangan [4]. “Jinoyatchining shaxsi atamasi bilan ish ko‘rmoq jinoyat sodir qilgan kishining shaxsini ijtimoiy ekanligini tushunmoqdir, chunki shaxsning o‘zi ijtimoiy-madaniy va ruhiy-biologik aloqalar taʼsirining mahsulidir”. “Bor butunicha o‘zining ijtimoiy sifatlari yig‘indisi bilan turli ijtimoiy faoliyat turlari taʼsirida shakllangan insondir”. Akademik A.N.Leontyev shaxs genetik xususiyatlarning o‘zi bilan ifodalangan bir butun emas, shaxs tug‘ilmaydi, balki shaxs shakllanadi, deb yozadi. Shaxs odamning genetik va ijtimoiy-tarixiy rivojlanishining nisbatan keyinroq shakllanadigan mahsulidir. Shaxs kriminologiya nuqtai nazaridan o‘rganilganda, uni ijtimoiy muhit bilan birgalikda tahlil qilish muhimdir. Chunki, shaxsda jinoiy xulq o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmasdan, muhitdagi aloqadorliklar tufayli shakllanadi. Shunga ko‘ra, ijtimoiy muhitning jinoiy xulq bilan bog‘lanib ketishi g‘oyat murakkab xususiyatga ega bo‘lib, ijtimoiy muhit har doim inson shaxsi orqali jinoyatga aylanadi. Agar jinoyatchilikning ijtimoiy-ruhiy nuqtai nazardan gapiriladigan bo‘lsa, jinoyatchilik jinoyatlarning oddiy yig‘indisidangina iborat bo‘lmay, o‘zining jinoyatchilikka xos bo‘lgan qonuniyatlari, miqdor va sifat jihatlari bo‘yicha tavsifiga ega. Shuning uchun uni tadqiq qilishning o‘ziga xos xususiyatlari mavjud. Agar jinoyatchilikning sabablarini aniqlash kerak bo‘lsa, eng avvalo, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy strukturasini olish, jamiyatning ijtimoiy strukturasini keltirib chiqaradigan aloqa va munosabatlarni hamda u bilan birga jinoyatchilikni o‘rganish va tahlil qilish kerak. Jinoyatni o‘rganishdan jinoyatchilikni o‘rganishga o‘tilganda ijtimoiy-ruhiy jihat o‘z ahamiyatini yo‘qotgandek bo‘ladi. Bunda quyidagi holatlar diqqatni o‘ziga tortadi: birinchidan, bunday mulohaza yuritganda “Jinoyatchi” tushunchasining o‘zida jinoyat sodir qilgan kishining atrof muhit bilan aloqalari aniqlanmay qolib ketadi. Agar jinoyatchining shaxsi haqida gapirilsa, shaxs ijtimoiy muhitning hosilasi va ijtimoiy salbiy hodisa tushuniladi. Bu esa, kriminologiyada har doim muhim va dolzarbdir. Ikkinchidan, jinoyatchilikning asosiy sabablarini aniqlash jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy strukturasini tahlil qilish orqali amalga oshiriladi. N.Salayevning fikricha, voyaga yetmaganlar jinoyatchiligining sabablari katta yoshdagilar jinoyatchiligiga taʼsir qiladigan sabablar hisoblanadi. Ammo bu sabablar voyaga yetmaganlar shaxsiga taʼsir qilish mexanizmi bilan farq qilishi taʼkidlangan [5]. Jinoyatchilik huquqlarning o‘ziga xos xususiyatlariga ham bog‘liqdir va uni o‘rganishga alohida ahamiyat berilishi kerak. Mikromuhitni o‘rganish va uni hisobga olish g‘oyat muhimdir. Chunki, har bir shaxs o‘zi yashayotgan makon mikromuhitida shakllanadi. Mikromuhit oila, tanish-bilishlar, qo‘shnilar, o‘rtoqlar, ish-o‘qish joyi va hokazolar bo‘lib, shaxs shakllanishining eng muhim faktoridir. Aytish kerakki, bu yerda xam g‘oyat muhim savollar yotadiki, ularga javob topish uchun g‘oyat keng doirada murakkab tadqiqotlar olib borilishi kerak. Masalan, kriminogen vaziyatlar ko‘proq bo‘lgan mikromuhitda nima sababdan faqat ayrim shaxslargina jinoyatchi bo‘lib qoladi, shu muhitda yashayotganlarning asosiy ko‘pchilik qismi jinoyat qilmaydi, hatto halol mehnat faoliyatini afzal ko‘radi. Bu yerda shaxsning genetik xususiyatlarini ham eʼtibordan chetda qoldirmaslik kerak. To‘g‘ri, genetik xususiyatlar hech qachon jinoyatchilikning sabablari bo‘la olmaydi. Ammo kriminogen mikromuhitda insondagi yomon sifatlarning rivojlanishi uchun qulay sharoit vujudga keladi. Voyaga yetmaganlar jinoyatchiligining sabablari va ularga imkon bergan shart-sharoitlar tahliliga ko‘ra, quyidagi taklif va tavsiyalar keltirib o‘tiladi: – ijtimoiy xavfli oilalarni erta aniqlash va ular bilan maqsadli profilaktik ishlarni olib borish; – ota-onalar uchun huquqiy, psixologiya va pedagogika sohalarida profilaktik trening va maslahatlar tashkil etish; – maktab va mahallada yoshlar orasida maʼnaviyat va huquqiy madaniyatni oshirishga qaratilgan dasturlarni joriy etish; – psixolog, pedagog, huquqshunoslar ishtirokida voyaga yetmaganlar bilan doimiy profilaktik suhbatlar o‘tkazish; – maktab psixologlari, ijtimoiy pedagoglar va sinf rahbarlari o‘rtasida samarali hamkorlikni tashkil etish; – xavfli guruhdagi o‘quvchilarni aniqlab, ular bilan individual profilaktik ishlarni olib borish; – maktablarda sport, madaniy va texnik to‘garaklar faoliyatini kengaytirish; – yoshlarni tadbirkorlik sohasiga jalb qilishda maxsus grant dasturlarini joriy qilish; – mahalla faollari, fuqarolik jamiyati institutlari va NNTlar bilan hamkorlikda “Ochiq eshiklar kuni”, davra suhbatlari va ijtimoiy loyihalarni tashkil etish; – yoshlarning huquqiy ongini oshirish maqsadida maktablarda “Yosh huquqshunos” klublarini tashkil etish; – voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olishga qaratilgan maxsus milliy strategiyani ishlab chiqish; – ijtimoiy psixologiya, kriminologiya va pedagogika sohalarida yo‘naltirilgan tadqiqotlarga davlat grantlarini ajratish. Yuqoridagi tahlillar voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi jinoyatchilik murakkab va ko‘p omilli ijtimoiy jarayon ekanini ko‘rsatadi. Uning shakllanishiga shaxsiy, oilaviy, ijtimoiy va iqtisodiy shart-sharoitlar, shuningdek, taʼlim muassasalaridagi muhit va jamoatchilik nazoratining darajasi jiddiy taʼsir ko‘rsatadi. Xorijiy va mahalliy ilmiy manbalarga tayanilgan holda, maʼlum bo‘ldiki, voyaga yetmaganlar jinoyatchiligining sabablari faqatgina shaxsiy xususiyatlar bilan emas, balki ularning ijtimoiy muhitdagi o‘rni va atrofdagi taʼsir omillari bilan ham bevosita bog‘liqdir. Voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olish uchun profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish, ijtimoiy nazorat mexanizmlarini takomillashtirish, oila va maktabning tarbiyaviy vazifalarini mustahkamlash hamda yoshlar uchun ijobiy rivojlanish imkoniyatlarini yaratish zarur. Shuningdek, qonunchilik bazasini takomillashtirish va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida samarali hamkorlikni taʼminlash muhim omillardan biri hisoblanadi.

Ushbu blog post advokatning shaxsiy fikri bo'lib, umumiy ma'lumot uchun. Aniq holat bo'yicha advokat bilan bevosita maslahatlashing.
Barcha blog postlarAdvokat profilini ochish →