Главная/Адвокаты/Блог-посты
Advokat KeraK
Другое

Advokatura – O‘zbekiston huquq tizimining eng muhim instituti sifatida

Автор: Дилшодбек Нурумов21 окт. 202632
Advokatura

Advokatura – O‘zbekiston huquq tizimining eng muhim instituti sifatida

O‘zbekiston Respublikasida so‘nggi yillarda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashning samarali institutlaridan biri sifatida advokaturaning o‘rni va ahamiyatini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, advokatura institutining va advokatlarning mustaqilligini ta’minlashga, sud ishini yuritishning barcha bosqichlarida taraflarning tortishuv prinsipi asosida ishlarni tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rildi, advokatlarning o‘z professional faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur qonunchilik bazasi yaratildi. 2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi referendumida umumxalq ovoz berish orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etishi belgilandi. Ta’kidlash joizki, Konstitutsiyamizda advokatura institutiga alohida bob ajratilishi sud-huquq sohasida amalga oshirilgan islohotlar doirasida muhim ahamiyat kasb etishi bilan birga muhim institut ekanligidan dalolat bermoqda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 141-142-moddalarini o‘z ichiga olgan XXIV bobda advokatura institutiga oid asosiy qoidalar belgilangan. Xususan, jismoniy va yuridik shaxslarga malakali yuridik yordam ko‘rsatish, advokatura faoliyati prinsiplari, advokatlik faoliyatining kafolatlari hamda advokatlarning ijtimoiy himoyasi konstitutsiya darajasida qayd etilgan. Mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada liberallashtirish, fuqarolarning tergov va sud ishini yuritishning har qanday bosqichida malakali yuridik yordam olish huquqini mustahkamlaydigan konstitutsiyaviy normani amalga oshirish, advokaturaning tashkiliy mustaqilligini ta’minlash, uni yuqori malakali kadrlar bilan to‘ldirish, advokatlarning mustaqilligi kafolatlarini kuchaytirish, advokatlik kasbining obro‘si va nufuzini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgan bo‘lib, bugungi kunda ushbu ishlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda. Fikrimizcha, O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan so‘ng advokatura institutiga oid bo‘lgan muhim o‘zgarishlarni o‘rganish va tahlil etish, ushbu institutning jismoniy va yuridik shaxslarni huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishda naqadar muhim ekanligini anglatadi. Aytib o‘tish lozimki, mazkur institutda muhim o‘zgarishlar advokaturaga oid asosiy normalarni belgilab bergan normativ-huquqiy hujjatlarning qabul qilinishi bilan bevosita bog‘liqdir. Bugungi kunda mamlakatimizda advokatura institutiga oid ikkita asosiy qonun mavjud. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 27-dekabrda qabul qilingan “Advokatura to‘g‘risida”gi 349-I-son Qonun va O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 25-dekabrda qabul qilingan “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”gi 721-I-son Qonun. Bundan tashqari, advokatura institutini rivojlantirishga qaratilgan bir nechta qonunosti hujjatlari qabul qilingan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 1-mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida advokatura institutini yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–3993-son Farmonida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan quyidagi o‘zgarishlarni alohida qayd etish zarur: – advokatura institutini yanada isloh qilishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi; – O‘zbekiston Respublikasi barcha advokatlarining majburiy a’zoligiga asoslangan O‘zbekiston Advokatlar assotsiatsiyasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi tashkil etildi; – O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari belgilandi. Mazkur Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 27-maydagi 112-son qarori qabul qilingan bo‘lib, unda O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining asosiy organlari sifatida Advokatlar palatasining Konferensiyasi, Boshqaruvi, Taftish komissiyasi belgilab berildi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi raisi, uning o‘rinbosarlarini saylash tartibi va muddatlari, Advokatlar palatasining hududiy boshqarmalari tashkil etilishi hamda ularning boshliqlarini O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining raisi tomonidan lavozimga tayinlanishi va lavozimdan ozod qilinishi belgilab qo‘yildi. Ushbu qarorning muhim jihati shundaki, O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining tashkiliy tuzilmasi aniq belgilandi. O‘tkazilgan o‘rganish va tahlillar ko‘rsatganidek, advokatura hanuzgacha odamlar ishonchini qozongan huquqni himoya qiluvchi institutga aylana olmaganligi, advokatlarning huquqlarini to‘liq ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qilayotgan va ular tomonidan sifatli yuridik yordam ko‘rsatilishiga xalal berayotgan qator omillar mavjudligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-maydagi “Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5441-son Farmonida ko‘rsatib o‘tildi va advokatura institutida mavjud kamchiliklarni bartaraf etishda mazkur Farmonda belgilab berilgan asosiy vazifalar muhim hisoblanadi. Xususan: – advokat nizolarni sudgacha hal qilish, tomonlarni yarashtirish bo‘yicha choralar ko‘rish, shuningdek hakamlik sudyasi sifatida faoliyat yuritish huquqiga ega bo‘ldi; – advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyani olish uchun advokatlik tuzilmasida majburiy stajirovka o‘tash muddati olti oydan uch oyga qisqartirildi, shuningdek bunda davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimlari va sudya, tergovchi yoki prokuror lavozimida kamida uch yil faoliyat yuritgan shaxslar majburiy stajirovkadan ozod etilishi qayd etildi; – advokatlik litsenziyasini tugatish uchun asos bo‘ladigan advokat tomonidan uzrli sabablarsiz o‘z kasb majburiyatlarini bajarmaslik muddati amaldagi uch oydan olti oyga uzaytirildi; – sudning advokatni jinoyat sodir etishda aybdor deb topish to‘g‘risidagi ayblov hukmi kuchga kirgan taqdirda, sudya bir sutka ichida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligini va Advokatlar palatasini belgilangan tartibda yozma xabardor qilishi belgilandi; – faoliyat yuritayotgan advokatlar va yangidan advokat maqomini olgan shaxslar Advokatlar palatasi tomonidan Adliya vazirligi bilan birgalikda belgilangan har bir tanlangan mutaxassislik bo‘yicha alohida litsenziya asosida (fuqarolik va iqtisodiy sud ishlarini yuritish; ma’muriy va jinoiy sud ishlarini yuritish) yuridik yordam ko‘rsatishi hamda bunda faoliyat yuritayotgan advokatlarning litsenziyalarini qayta rasmiylashtirish ularni tanlagan mutaxassisliklari bo‘yicha qayta attestatsiyadan va yig‘imlarni to‘lashdan ozod etgan holda amalga oshirilishi qayd etildi; – advokatlik litsenziyasining amal qilishini tugatish Oliy malaka komissiyasi xulosasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining murojaati bo‘yicha faqat sud tomonidan amalga oshirilishi belgilandi; – advokat maqomini olish bo‘yicha malaka imtihonini takroran topshirish muddati bir yildan olti oygacha qisqartirildi. Milliy advokaturaga oid qonunchilikka kiritilgan ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalar advokatura institutiga bo‘lgan xalqning ishonchi ortishiga, advokat maqomining yanada mustahkamlanishiga, advokatlar tomonidan professional faoliyat olib borishdagi vakolatlari kengaytirilishiga hamda jismoniy va yuridik shaxslarga malakali yuridik yordam ko‘rsatishga zamin yaratdi deb to‘laqonli aytish mumkin. Mamlakatimizda advokatlarning sudda ishlarni yuritishda tortishuvga oid ijobiy o‘zgarishlar bo‘layotganligi quvonarli holatlardan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida “Odil sudlovning ajralmas qismi – advokatura, ushbu institutning adolat qaror topishidagi o‘rni beqiyos.”, – deb ta’kidlagan. Bu ham advokatura institutiga berilayotgan e’tibordan dalolatdir. O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 4-aprelda qabul qilingan “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ–470-son Qonuni asosida himoyachi jinoyat ishi bo‘yicha dalillarni to‘plash va taqdim etishga haqli bo‘lib, ular jinoyat ishi materiallariga qo‘shib qo‘yilishi, shuningdek tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov o‘tkazish va jinoyat ishini sudda ko‘rish jarayonida majburiy baholanishi lozimligi belgilandi. Bunda ushbu dalillar sifatida quyidagilar belgilandi: – ishga taalluqli axborotga ega bo‘lgan shaxslarni so‘rovdan o‘tkazish hamda ularning roziligi bilan yozma tushuntirishlar olish; – davlat organlariga va boshqa organlarga, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga so‘rov yuborish hamda ulardan ma’lumotnomalar, tavsifnomalar, tushuntirishlar va boshqa hujjatlarni olish orqali to‘plash. Bu borada amalga oshirilgan islohotlar jinoyat protsessida ayblov va himoya taraflarining protsessual huquqlari tengligini ta’minlashga qaratilgan qadamlardan biridir. Mazkur o‘zgarishlar jismoniy va yuridik shaxslarning malakali yuridik yordam olishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqi kafolatlanishiga zamin yaratmoqda. Advokaturaga oid qonunchilikka kiritilgan advokatlik tuzilmasi hisoblangan advokatlik byurosi bilan bog‘liq muhim o‘zgarishni alohida ta’kidlash lozim. 2018-yil 11-oktabrda qabul qilingan Qonunga muvofiq, advokatlik byurolarini ta’sis etgan advokatlar o‘z faoliyatini mulk huquqi asosida yoki boshqa qonuniy asosda o‘zlariga tegishli bo‘lgan turar joylarda amalga oshirishi mumkin, bunda advokatga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan turar joylarni advokatlik byurosi faoliyatida foydalanish maqsadida yashash uchun mo‘ljallanmagan joylar toifasiga o‘tkazish talab qilinmasligi qayd etildi. Bu orqali advokatura institutiga kirib kelayotgan yangi advokatlarga katta imkoniyat yaratib berildi. Shu bois, bugungi kunda eng ko‘p tashkil etilgan advokatlik tuzilmalari ichida birinchi o‘rinda advokatlik byurosi turibdi. Bu boradagi 2024-yil 14-dekabr holatiga statistika ma’lumotlariga murojaat qiladigan bo‘lsak, mamlakatimizda 3637 ta advokatlik byurosi, 611 ta advokatlik firmasi, 90 ta advokatlar hay’ati faoliyat yuritmoqda. Advokatura faoliyatida ortiqcha sansalorlik, byurokratiya hamda qog‘ozbozlikka chek qo‘yish, uning faoliyatida sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari bilan elektron hujjatlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-mayda “Advokatura faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–263-son qarori qabul qilindi. Mazkur qaror asosida muhim o‘zgarishlar sifatida quyidagilarni ko‘rsatib o‘tish zarur deb hisoblaymiz: – advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi uchun litsenziya berish, talabgor tomonidan malaka imtihonini topshirishning amaldagi tartibi saqlangan holda, “Litsenziya” axborot tizimi orqali amalga oshirilishi va rasmiylashtirib borilishi; – advokatlik tuzilmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatish O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali “yagona darcha” tamoyili asosida faqat elektron tarzda amalga oshirilishi; – advokatlik faoliyatini boshlashda malaka imtihonini topshirish, advokatlik faoliyati uchun litsenziya olish va advokatlik byurosini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha kompozit xizmat ko‘rsatilishi alohida qayd etildi. Qayd etish joizki, fuqarolarga yuridik yordam ko‘rsatish jarayonlarini raqamlashtirish, advokatura sohasini sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa davlat organlari faoliyati bilan integratsiya qilishni nazarda tutuvchi “Yuridik yordam” axborot tizimini ishga tushirilgani advokatlar uchun bir qancha imkoniyatlarni yaratib berdi. Xususan, advokatlar elektron reestri va advokatlarning shaxsiy elektron kabineti shakllantirilishi, advokatning o‘z arizasiga ko‘ra advokatlik maqomini to‘xtatib turish elektron tarzda advokat tomonidan xabarnoma berish shaklida amalga oshirilishi, advokatlik tuzilmalari tomonidan advokatlarga muayyan ishni olib borish uchun beriladigan an’anaviy shakldagi order maqomiga teng bo‘lgan maxsus QR-kod qo‘yilgan “Elektron advokatlik orderi”ni berish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. “Yuridik yordam” axborot tizimi joriy etilishi munosabati bilan davlat hisobidan advokatlarni ishga jalb etish inson omilisiz, elektron tartibda tasodifiy tanlash yo‘li bilan aniqlanishi ham bu borada asosiy o‘zgarishlardan biridir. 2019-yil 7-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan “Konstitutsiya va qonun ustuvorligi-huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatining eng muhim mezonidir” deb nomlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida advokatura institutiga oid o‘ta muhim o‘zgarishlar bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi. Yurtboshimiz Sh.M.Mirziyoyev “Hozirgi kunda mamlakatimizdagi advokatlarning 60 foizi 50 yoshdan oshgan shaxslardir. Ular orasida 30 yoshga to‘lmagan yoshlar 70 nafarga ham yetmasligini qanday izohlash mumkin?! Bunday achinarli holatga barham berish uchun avvalo advokatlar nufuzi va maqomini oshirish, advokatura institutining mustaqilligini ta’minlashimiz shart. Yaqin istiqbolda Advokatura institutini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish lozim. Hech bir idora advokatlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilmasligi shart. Ayni vaqtda advokatlarga nisbatan qo‘yiladigan malaka talablari ham ushbu konsepsiyada to‘liq aks etishi zarur. Bu borada biz rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribasini har tomonlama o‘rganishimiz kerak.”, – deb ta’kidlagani bejizga emas. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF–60-son Farmoni 19-maqsadida advokatura institutining inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdagi salohiyatini tubdan oshirish, shuningdek, aholi va tadbirkorlik subyektlarining malakali huquqiy xizmatlarga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish deb nomlangan bo‘lib, unda advokaturaga oid tizimli muammolarga maqbul yechimlar berilganligi bilan ham katta ahamiyatga egadir. Jumladan, advokatura institutini to‘laqonli o‘z-o‘zini boshqarish tizimiga o‘tkazish, Advokatlar palatasi boshqaruv organlarining advokatlar hamjamiyati oldidagi hisobdorligini kuchaytirish, tizimga yosh malakali kadrlarni jalb qilish, advokatlik faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish orqali ortiqcha byurokratiya va qog‘ozbozlikka chek qo‘yish, sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari bilan elektron hujjatlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, davlat hisobidan ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga bepul yuridik yordamni jinoyat ishlari bilan bir qatorda fuqarolik va ma’muriy ishlar bo‘yicha ham ko‘rsatish tizimini joriy etish nazarda tutilganligi advokatura institutini yanada takomillashtirishga hamda uni jozibadorligini oshirishga xizmat qildi. Barchamizga ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 16-iyunda “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi O‘RQ–848-son Qonuni qabul qilingan bo‘lib, unda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi sifatida belgilandi. Shu bilan birga, Qonunda davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish sohasidagi asosiy prinsiplar, davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatuvchi shaxslar, davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladigan ishlar, davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatishni rad etish asoslari, davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatishni tugatish asoslari, davlat hisobidan yuridik yordamni moliyalashtirish asoslari va manbalari belgilandi. O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining 2024-yil 1-yanvar holatiga nisbatan ish faoliyati to‘g‘risidagi statistik ma’lumotlar (yillik) muvofiq, tayinlov bo‘yicha ishlarda ishtirok etish (barcha asoslar bo‘yicha) 85.339 ta ishda ishtirok etgan. Qayd etish joizki, endilikda nafaqat jinoyat ishlari, balki fuqarolik va ma’muriy ishlarda ham davlat hisobidan advokat ishtiroki ta’minlanishi belgilandi. Bu esa ushbu ko‘rsatkichlarning har yili keskin oshishiga olib keladi. Mamlakatimizda advokaturaga ishga qabul qilish tartib-taomilini, shuningdek advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga doir litsenziyani olish tartibini soddalashtirish zarurati yuzaga kelmoqda. Qayd etish joizki, O‘zbekiston Respublikasida 2023-yilning 1-oktabr holatiga doimiy aholi soni 36.599.764 nafardan ortiqni tashkil qilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining 2023-yil 1-iyun holatiga advokatlar haqida berilgan ma’lumotiga muvofiq, mamlakatimizda 5665 nafar advokat advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanganligini ko‘rish mumkin. Mazkur statistika ma’lumotlarini tahlil qiladigan bo‘lsak, O‘zbekistonda 2023-yilning 1-oktabr holatiga 6460 nafar aholiga o‘rtacha 1 nafar advokat to‘g‘ri keladi. Bizning nazarimizda, ushbu ko‘rsatkich yetarli emas bo‘lib, jismoniy va yuridik shaxslarning konstitutsiyada belgilangan malakali yuridik yordam olish huquqi to‘laligicha kafolatlanmayotganidan dalolat berardi. Shu bois, “Advokatura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga doir litsenziyani olish uchun imtixon topshirishga talabgor shaxsning yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida ikki yillik ish stajiga ega bo‘lishi to‘g‘risidagi talab bekor qilinishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritildi. Buning natijasida advokat bo‘lish istagidagi talabgorlarning sonini keskin oshishiga, sog‘lom raqobatning paydo bo‘lishiga hamda advokatura sohasining jozibadorligini oshirishga, mazkur sohaga yosh kadrlarni jalb etishning samarali tizimini yaratishga xizmat qildi. Shuni alohida qayd etish joizki, 2024-yil 14-dekabr holatiga ko‘ra, mamlakatimizda advokatlar soni 6430 nafarni tashkil etayotgani va bu 2023-yilning 1-oktabr holatidan 765 nafarga ko‘paygani ushbu islohotlar natijasi deb bemalol aytish mumkin. Fikrimizcha, advokatura institutini quyidagi asosiy yo‘nalishlarda takomillashtirish zaruriyati mavjud: – davlatning asosiy vazifalaridan biri sifatida yuridik yordam ko‘rsatish funksiyasini takomillashtirish, fuqarolar va tashkilotlarning huquqlarini amalga oshirishni ta’minlash; – advokatura va uning asosiy institutlarini, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini amalga oshirishni ta’minlashdagi maqsad va vazifalarini o‘rganish; – advokatura faoliyatining barcha turlari va shakllarini takomillashtirish nuqtai nazaridan advokaturaning asosiy funksiyalarini ishlab chiqish; – huquqiy davlat qurishda advokaturaning o‘rni va rolini qiyosiy tahlil qilish; – advokat maqomining huquqiy asoslarini, kasbiy huquq va majburiyatlarini takomillashtirish, huquqiy etikani o‘rganish; – advokat tomonidan yuridik yordam ko‘rsatishning tashkiliy-huquqiy asoslarini ishlab chiqish; – O‘zbekiston Respublikasida advokatlik tuzilmalarini tashkil etish va faoliyatining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini takomillashtirish; – O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish; – advokatlik faoliyatini tashkil etish va faoliyatining tarixiy hamda xorijiy tajribasini qiyosiy tahlil qilish. Nazarimizda, advokaturaning ushbu asosiy yo‘nalishlarini inobatga olgan holda birinchi navbatda advokaturaga oid qonunosti hujjatlarini chuqur tahlil etish va ularni yagona qonun darajasida mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining “Advokatura va advokatlik faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish zaruriyati mavjud.

Блог-пост отражает личное мнение адвоката и носит общий информационный характер. По конкретной ситуации проконсультируйтесь с адвокатом напрямую.
Все блог-постыОткрыть профиль адвоката →