Endi bolalarni kuchliroq himoya qilamiz!

DIQQAT: AYRIM JINSIY JINOYATLAR UCHUN UMRBOD OZODLIKDAN MAHRUM QILISH JAZOSI BELGILANDI
O‘zbekistonda bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirildi.
2026-yil 14-oktabrda O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ–1180-sonli “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Qonun 2026-yil 15-oktabrdan kuchga kiradi.
1. Qanday yangi jazo belgilandi?
Yangi qonunga muvofiq, 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish hamda unga nisbatan jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyatlari uchun:
* 15 yildan 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish; * yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi. Bu o‘zgarish voyaga yetmaganlarni, ayniqsa, eng kichik yoshdagi bolalarni jinsiy zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan muhim huquqiy choradir.
2. Umrbod jazo barcha jinsiy jinoyatlarga tatbiq etiladimi?
Yo‘q. Qonundagi yangi norma barcha jinsiy jinoyatlar uchun bir xil tarzda umrbod qamoq jazosi belgilanganini anglatmaydi. U aniq ko‘rsatilgan jinoyat tarkiblariga, jumladan, 14 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan yuqoridagi ikki turdagi jinoyatga taalluqlidir. Shuning uchun har bir jinoyat bo‘yicha javobgarlik masalasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi va ishning aniq holatlariga qarab hal qilinadi Jazoning kuchaytirilishi bilan birga, bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishning boshqa mexanizmlari ham nazarda tutilgan. Jumladan, jinsiy zo‘ravonlikka oid ishlarda voyaga yetmagan jabrlanuvchiga davlat hisobidan advokat ishtiroki ta’minlanishi belgilangan. Bu jabrlanuvchi bolaning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, uning protsessual huquqlarini ta’minlash uchun muhim ahamiyatga ega. Yangi qonun bilan 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan ayrim og‘ir jinsiy jinoyatlar uchun 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.
Davlatimizda jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida olib borilayotgan islohotlar qatori ushbu qonun normasi ham ushbu turdagi jinoyatlarni sezilarli darajada kamaytiradi degan umiddamiz. Huquqiy asos: O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 14-oktabrdagi O‘RQ–1180-son Qonuni.