Bosh sahifa/Advokatlar/Blog postlar
Advokat KeraK
Oila huquqi

Qarzdor «ishsizman» deb alimentdan qochyaptimi? Qonuniy choralar bor!

Muallif: O‘lmasjon Yusupov17-noy, 202610
Qarzdor «ishsizman» deb alimentdan qochyaptimi? Qonuniy choralar bor!
Rasmiy daromadni yashirish yoki ishsiz bo‘lib ko‘rinish aliment to‘lashdan ozod qilmaydi — bu holatda qarz mamlakatdagi o‘rtacha oylik ish haqidan kelib chiqib hisoblanadi. Xorijga chiqishga taqiq qo‘yish, ma’muriy qamoq va alimentni qat’iy pul summasida undirish mexanizmlari haqida batafsil o‘qing

Oila buzilgandan so‘ng voyaga yetmagan farzandlar ta’minoti masalasi ko‘pincha jiddiy huquqiy nizolarga aylanadi. Amaliyotda qarzdor ota (yoki ona) o‘z rasmiy daromadini kamaytirib ko‘rsatishi yoki umuman ishsiz sifatida ro‘yxatdan o‘tib, aliment to‘lashdan bo‘yin tovlashi tez-tez uchraydi. 1. Ishsiz shaxsdan aliment qanday hisoblanadi? O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 99-moddasiga muvofiq, agar ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish haqida kelishuv tuzmagan bo‘lsa, sud ulardan har oyda: bir bola uchun — daromadining to‘rtdan bir qismi; ikki bola uchun — uchdan bir qismi; uch va undan ortiq bola uchun — yarmisi miqdorida aliment undiradi. Agar qarzdor ishlamasa yoki uning daromadini aniqlash imkoni bo‘lmasa, Oila kodeksining 140-moddasiga asosan, aliment qarzi undirilayotgan vaqtda O‘zbekiston Respublikasidagi o‘rtacha oylik ish haqi miqdoridan kelib chiqib hisoblanadi. Ya’ni, "ishsizman" degan bahona alimentdan ozod qilmaydi. 2. Aliment to‘lamaslikning huquqiy oqibatlari Majburiy ijro byurosi (MIB) davlat ijrochisi aliment bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lganda quyidagi keskin choralarni qo‘llashga haqli: Xorijga chiqishni taqiqlash: "Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida"gi Qonunning 42-1-moddasiga ko‘ra, qarzdorning O‘zbekiston Respublikasidan chetga chiqishiga vaqtincha cheklov qo‘yiladi. Ma’muriy javobgarlik: Moddiy yordam berishdan 2 oydan ortiq muddat mobaynida bo‘yin tovlash Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-4-moddasiga ko‘ra, 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi. Jinoiy javobgarlik: Ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin ham aliment to‘lamaslik davom ettirilsa, Jinoyat kodeksining 122-moddasi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin. Advokat tavsiyasi: Agar qarzdor norasmiy ravishda katta daromad olayotgani yoki qimmatbaho mulklarga egaligi sizga ma’lum bo‘lsa, MIBga ularning mulkiy holatini tekshirish yuzasidan rasmiy iltimosnoma kiriting hamda Oila kodeksining 102-moddasiga asosan alimentni qat’iy pul summasida belgilashni so‘rab sudga murojaat qiling.

Ushbu blog post advokatning shaxsiy fikri bo'lib, umumiy ma'lumot uchun. Aniq holat bo'yicha advokat bilan bevosita maslahatlashing.
Barcha blog postlarAdvokat profilini ochish →