Bosh sahifa/Advokatlar/Blog postlar
Advokat KeraK
Jinoyat huquqi

Sudlanganlik holatining tugallanishi va sudlanganlikning olib tashlanishi

Muallif: Ozodbek Nematillayev5-noy, 202613
Sudlanganlik holatining tugallanishi va sudlanganlikning olib tashlanishi
O‘zbekiston qonunchiligi bo‘yicha sudlanganlik holatining tugallanishi va sudlanganlikning olib tashlanishi asoslari va shartlari

Sudlanganlik shaxsning sodir etgan jinoyati uchun sud tomonidan aybdor deb topilishi va unga nisbatan jazo tayinlanishidan kelib chiqadigan huquqiy holat hisoblanadi. Jinoyat qonuniga muvofiq, sudlanganlik muayyan huquqiy cheklanishlarni keltirib chiqaradi, biroq qonunda belgilangan muddatlar o‘tishi yoki boshqa asoslarga ko‘ra u o‘zining yuridik kuchini yo‘qotadi. Sudlanganlik holatini tugallanishi va sudlanganlikning olib tashlanishi fuqarolarning jamiyatga qayta integratsiyalashuvida muhim ahamiyat kasb etadi. Sudlanganlikning tugallanishi — bu qonunda belgilangan muddat o‘tishi va shaxsning yangi jinoyat sodir etmaganligi sharti bilan sudlanganlik bilan bog‘liq barcha huquqiy oqibatlarning avtomatik ravishda o‘z-o‘zidan bekor bo‘lishidir. Bunda alohida sud qarori talab etilmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 77-moddasiga ko‘ra, sudlanganlik muddatlari tayinlangan jazo turi va jinoyatning ijtimoiy xavflik darajasidan kelib chiqqan holda quyidagicha belgilanadi: shartli hukm qilinganlarga — sinov muddati tugagan kundan boshlab; majburiy jamoat ishlari, xizmat bo‘yicha cheklash yoki intizomiy qismga jo‘natish tarzidagi jazolarni o‘tab chiqqach, jarima jazosi ijro etilgan kundan keyin, shuningdek muayyan huquqdan mahrum qilish yoki axloq tuzatish ishlari jazolari o‘talganidan keyin – bir yil o‘tgach; ozodlikni cheklash jazosi o‘talgandan keyin — ikki yil o‘tgach; besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘talganidan keyin — to‘rt yil o‘tgach; besh yildan ortiq, lekin o‘n yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘talgandan keyin – yetti yil o‘tgach; o‘n yildan ortiq, lekin o‘n besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘talgandan keyin – o‘n yil o‘tgach. Sudlanganlikning olib tashlanishi – muddat tugashini kutmasdan, shaxsning munosib xulq-atvori, mehnatga halol munosabati va jinoyatdan keyingi ijobiy o‘zgarishlari hisobga olingan holda amalga oshiriladi. Sudlanganlik faqat sud tomonidan, agar shaxs ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tab bo‘lganidan keyin unga nisbatan maʼmuriy jazo yoki intizomiy taʼsir choralari qo‘llanilmagan, o‘zini halol mehnati va namunali xulq-atvori bilan ko‘rsatgan bo‘lsa, jazo muddatining kamida yarmi o‘tib ketganidan keyin, jamoat birlashmasi, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organi, jamoa yoki jazo o‘tab chiqqan shaxsning iltimosnomasiga ko‘ra, yuqoridagi muddatlarning kamida yarmi o‘tganidan keyin muddatidan oldin olib tashlanishi mumkin. Shuningdek, o‘n besh yil va undan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tab chiqqan shaxslar va o‘ta xavfli retsidivistlar, agar ular jazoni o‘tab chiqqanidan keyin o‘n besh yil mobaynida yangi jinoyat sodir etmasa, sud ularning sudlanganligini olib tashlashi mumkin. Sudlanganlik holati tugallangan yoki olib tashlangandan so‘ng shaxs sudlanmagan hisoblanadi. Ushbu institut inson huquqlarini himoya qilish hamda jamiyatda ijtimoiy adolatni taʼminlashga xizmat qiladi.

Ushbu blog post advokatning shaxsiy fikri bo'lib, umumiy ma'lumot uchun. Aniq holat bo'yicha advokat bilan bevosita maslahatlashing.
Barcha blog postlarAdvokat profilini ochish →