Mahkumlar oliy ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi
❗️ Mahkumlar oliy ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi
“Jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarni ozodlikka tayyorlash va ijtimoiylashuvini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–397-son, 16.11.2026-y.) qabul qilindi.
✅ Qarorga ko‘ra, quyidagilar asosiy maqsadlar etib belgilandi:
🔹 2027/2028-o‘quv yiliga qadar jazoni ijro etish muassasalarida 310 ta o‘quv va 420 ta amaliy mashg‘ulotlar xonasini tashkil etish;
🔹 2030-yilga qadar mehnat bozoriga mos kamida 50 ta kasb bo‘yicha o‘quv dasturlarini joriy etish;
🔹 har yili kamida 15–20 ming nafar mahkumni talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish;
🔹 mahkumlarni kasbga o‘qitish orqali takroriy jinoyatchilik darajasini 30 foizga qisqartirish.
📝 “Yangi hayot” dasturi doirasida 2027/2028-o‘quv yilidan boshlab:
🔸 mahkumlarga oliy ta’lim tashkilotlariga kirish va masofaviy ta’lim shaklida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish imkoniyati yaratiladi;
🔸 o‘qishga qabul qilingan mahkumlarning masofaviy ta’lim olishi uchun koloniyalarda videokonferensaloqa vositalari bilan jihozlangan xonalar ajratiladi.
📌 Shuningdek:
➖ yosh mahkumlar orasidan saylov yo‘li bilan yoshlar faollari tanlanadi va har chorakda BHMning uch baravari miqdorida rag‘batlantiriladi;
➖ barcha koloniyalardagi mahkumlar o‘rtasida masofaviy shaklda “Yosh kitobxon” tanlovi tashkil etiladi;
➖ koloniyalar kutubxonalarida “Mutolaa” platformasidan foydalanish imkoniyati yaratiladi.