Maxfiylik siyosati

«Advokat Kerak» onlayn-platformasi (advokatkerak.uz)

Amal qilish sanasi: 2026-yil 9-iyul • Tahrir: 2.3 (2026-yil 22-noyabr)

1. Umumiy qoidalar

1.1. Ushbu Maxfiylik siyosati (keyingi o‘rinlarda — «Siyosat») «Advokat Kerak» onlayn-platformasi foydalanuvchilarining shaxsga doir ma’lumotlarini yig‘ish, ularga ishlov berish, saqlash va himoya qilish tartibini belgilaydi. Platforma deganda advokatkerak.uz veb-sayti, @ADVOKAT_KERAK_bot Telegram boti va Telegram ichidagi mini-ilova (keyingi o‘rinlarda birgalikda — «Platforma») tushuniladi.

1.2. Shaxsga doir ma’lumotlar mulkdori va operatori — yakka tartibdagi tadbirkor Mamatqulova Diloromxon Umarovna (Tadbirkorlik subyektlarining yagona davlat reyestriga 2026-yil 31-oktyabrda 8098131-son yozuv bilan kiritilgan; keyingi o‘rinlarda — «Operator»). Operator rekvizitlari 14-bo‘limda keltirilgan.

1.3. Siyosat quyidagi hujjatlarga muvofiq ishlab chiqilgan:

  • O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi;
  • O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 2-iyuldagi O‘RQ-547-son «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi Qonuni (keyingi o‘rinlarda — «Qonun»);
  • O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 11-dekabrdagi 560-II-son «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi Qonuni;
  • O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 29-sentyabrdagi O‘RQ-792-son «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi Qonuni;
  • shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish sohasidagi boshqa qonun hujjatlari.

1.4. Ro‘yxatdan o‘tish, Telegram bot yoki mini-ilovadan foydalanish yoxud Platformadan boshqacha tarzda foydalanish orqali foydalanuvchi Siyosat bilan tanishganini va o‘z shaxsga doir ma’lumotlariga Siyosatda ko‘rsatilgan maqsadlarda, shu jumladan 7-bo‘limda ko‘rsatilgan transchegaraviy uzatish bilan, ishlov berilishiga rozilik bildiradi. Rozilik berilgan sana va Siyosat tahriri Platformada qayd etiladi.

1.5. Foydalanuvchi Siyosat shartlariga rozi bo‘lmasa, Platformadan foydalanishni to‘xtatishi lozim.

1.6. Platforma yuridik yordam ko‘rsatmaydi. Yuridik yordamni Platformada ro‘yxatdan o‘tgan, mustaqil faoliyat yurituvchi advokatlar ko‘rsatadi. Advokat murojaat orqali o‘ziga ma’lum bo‘lgan ma’lumotlarni qonun hujjatlari va advokatlik siri talablariga muvofiq saqlaydi va ular uchun mustaqil javob beradi.

2. Asosiy tushunchalar

Shaxsga doir ma’lumotlar — muayyan jismoniy shaxsga tegishli bo‘lgan yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan, elektron tarzda, qog‘ozda va (yoki) boshqa moddiy jismda qayd etilgan axborot.

Ishlov berish — shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yo‘q qilish bo‘yicha bir yoki bir necha harakat.

Foydalanuvchi — Platformadan foydalanuvchi har qanday jismoniy shaxs: Ishonch bildiruvchi, Advokat yoki saytga tashrif buyuruvchi.

Ishonch bildiruvchi — yuridik yordam izlab Platforma orqali murojaat yuboruvchi shaxs.

Advokat — litsenziyasi tekshirilib, Platformada ro‘yxatdan o‘tgan advokat.

Murojaat — Ishonch bildiruvchi Platforma orqali yuborgan yozma so‘rov yoki qo‘ng‘iroq so‘rovi.

Cookie-fayllar — veb-sayt tomonidan foydalanuvchi qurilmasida saqlanadigan kichik hajmdagi ma’lumotlar.

3. Yig‘iladigan ma’lumotlar tarkibi

3.1. Barcha foydalanuvchilardan:

  • familiya, ism (to‘liq ism-sharif);
  • telefon raqami;
  • Telegram identifikatori, foydalanuvchi nomi va Telegram profilidagi ism (Telegram orqali kirishda);
  • elektron pochta manzili (Google hisobi orqali kirishda);
  • profil surati (mavjud bo‘lsa);
  • interfeys tili va foydalanuvchi roli (Ishonch bildiruvchi yoki Advokat).

3.2. Ishonch bildiruvchidan qo‘shimcha ravishda:

  • murojaat matni, toifasi, hududi (viloyat, tuman yoki shahar) va tili;
  • qo‘ng‘iroq so‘ralganda — bog‘lanish uchun telefon raqami va izoh;
  • murojaat holati: qaysi Advokatga yuborilgani, Advokat uni ochib ko‘rgani, javob bergani yoki boshqa Advokatga o‘tkazgani;
  • Advokatga qo‘yilgan baho va sharh.

3.3. Advokatdan qo‘shimcha ravishda:

  • advokatlik litsenziyasi (guvohnomasi) raqami va uni tasdiqlovchi hujjat surati (hujjat surati faqat tekshirish uchun olinadi va ommaga ko‘rsatilmaydi);
  • ixtisoslik yo‘nalishlari, ish tajribasi, faoliyat hududi (viloyat, tuman), muloqot tillari;
  • «Haqida» matni, ofis manzili, ish vaqti va xaritadagi joylashuvi;
  • ijtimoiy tarmoq sahifalari havolalari (Facebook, Instagram, YouTube);
  • taqdimot videosi (Advokat uni Telegram bot orqali yuborganda);
  • blog postlari;
  • obuna tarifi (Standart yoki VIP), obunaning boshlanish va tugash sanalari, obuna to‘lovlari tarixi;
  • reyting ballari, javob berish ko‘rsatkichlari va boshqa statistik ko‘rsatkichlar.

3.4. Platformadan foydalanish jarayonida:

  • Ishonch bildiruvchi va Advokat o‘rtasidagi, shuningdek advokatlar o‘rtasidagi chat yozishmalari, xabarlarning yuborilgan va o‘qilgan vaqti;
  • shikoyatlar va Operatorga yuborilgan murojaatlar mazmuni;
  • Telegram bot bilan muloqot (tanlangan buyruq va tugmalar);
  • Advokat profilini ko‘rishlar va ijtimoiy tarmoq havolalarini bosishlar soni (faqat umumiy son sifatida, ko‘ruvchini aniqlamasdan hisoblanadi).

3.5. To‘lov ma’lumotlari. Pullik xizmatlar uchun to‘lov Rahmat to‘lov xizmati («MULTICARD PAYMENT» AJ) sahifasida amalga oshiriladi. Operator bank kartasining to‘liq raqami, amal qilish muddati va himoya kodini (CVV/CVC) olmaydi va saqlamaydi. Operator to‘lov xizmatidan faqat quyidagilarni oladi: buyurtma raqami, xizmat turi, summa, to‘lov holati va vaqti, to‘lov tizimi nomi, kartaning yashirilgan raqami (masalan, 8600 **** **** 1234) va elektron fiskal chek havolasi. Pullik konsultatsiya uchun karta bog‘langanda Operator Rahmat bergan karta tokenini (karta raqami emas) saqlaydi: u summani bloklash, yechish yoki blokni bekor qilish uchun ishlatiladi; Ishonch bildiruvchi saqlangan kartani istalgan vaqtda o‘chirishi mumkin.

3.5¹. Advokatlik tuzilmasi ma’lumotlari. Pullik konsultatsiya qabul qilmoqchi bo‘lgan Advokat o‘zi a’zo bo‘lgan Advokatlik tuzilmasining nomi, STIR, Rahmat to‘lov xizmatiga topshirilgan ulanish arizasining raqami va aloqa telefonini yuboradi. Tuzilmaning bank rekvizitlari va rahbarining ma’lumotlarini tuzilma rahbari Rahmat to‘lov xizmatiga o‘zi taqdim etadi; Platforma ularni so‘ramaydi.

3.6. Avtomatik tarzda (texnik vositalar yordamida):

  • IP-manzil, qurilma va brauzer turi, operatsion tizim;
  • kirish sanasi va vaqti, ko‘rilgan sahifalar, saytga qaysi manbadan kelingani;
  • reklama manbasi belgilari: UTM teglari, reklama klik identifikatorlari (fbclid, gclid, yclid va boshqalar), Meta pikselining cookie-fayllari (_fbp, _fbc) hamda saytdan Telegram botga o‘tishda yaratiladigan tasodifiy belgi;
  • cookie-fayllar va shunga o‘xshash texnologiyalar orqali olinadigan ma’lumotlar (6-bo‘lim).

3.7. Operator irqiy yoki etnik kelib chiqish, siyosiy qarashlar, diniy e’tiqod, sog‘liq holati kabi maxsus toifadagi ma’lumotlarni, shuningdek biometrik va genetik ma’lumotlarni maqsadli yig‘maydi. Profil surati va taqdimot videosi shaxsni biometrik identifikatsiya qilish uchun ishlatilmaydi. Foydalanuvchi maxsus toifadagi ma’lumotni murojaat yoki chatda o‘z xohishi bilan yozsa, u faqat yuridik yordam olish maqsadida tegishli Advokatga yetkaziladi.

4. Ishlov berish maqsadlari

4.1. Shaxsga doir ma’lumotlarga quyidagi maqsadlarda ishlov beriladi:

  • foydalanuvchini identifikatsiya qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish va hisobga kirishni ta’minlash;
  • murojaatni mos Advokatga yo‘naltirish, Ishonch bildiruvchi va Advokat o‘rtasidagi aloqani ta’minlash;
  • advokatlar katalogini yuritish va Advokatning ochiq profilini ko‘rsatish;
  • advokatlik litsenziyasini tekshirish;
  • reyting, baho va sharhlar tizimini yuritish;
  • obuna va boshqa pullik xizmatlarni ko‘rsatish, to‘lovni qabul qilish, fiskal chek berish, buxgalteriya va soliq hisobini yuritish;
  • pullik konsultatsiya summasini Ishonch bildiruvchi kartasida bloklash, yechish va Rahmat to‘lov xizmati orqali Advokatlik tuzilmasi hisobiga o‘tkazish;
  • Telegram orqali bildirishnomalar yuborish (yangi murojaat, javob, obuna muddati, to‘lov holati va boshqalar);
  • shikoyatlarni ko‘rib chiqish, qoidabuzarlik, firibgarlik va spamning oldini olish;
  • Platforma ishini tahlil qilish, xatolarni aniqlash va xizmat sifatini oshirish;
  • reklama samaradorligini o‘lchash (6-bo‘lim);
  • qonun hujjatlarida belgilangan majburiyatlarni bajarish.

4.2. Operator shaxsga doir ma’lumotlarga ko‘rsatilgan maqsadlarga zid ravishda ishlov bermaydi va ularni sotmaydi.

5. Ishlov berishning huquqiy asoslari

5.1. Ishlov berishning huquqiy asoslari:

  • foydalanuvchining roziligi (Qonunning 21-moddasi);
  • foydalanuvchi taraf bo‘lgan Ommaviy oferta shartlarini bajarish zarurati;
  • Operator zimmasidagi qonun hujjatlari talablari, jumladan soliq va buxgalteriya hisobi talablari.

5.2. Foydalanuvchi rozilikni istalgan vaqtda qaytarib olishi mumkin (10-bo‘lim). Rozilik qaytarib olingach, Platforma xizmatlaridan foydalanish imkoni bo‘lmasligi mumkin.

6. Cookie-fayllar, analitika va reklama vositalari

6.1. Platforma cookie-fayllardan avtorizatsiya sessiyasini saqlash, til va interfeys sozlamalarini eslab qolish, statistika yuritish va reklama samaradorligini o‘lchash uchun foydalanadi.

6.2. Saytda quyidagi uchinchi tomon vositalari ishlatiladi:

  • Google Analytics (Google LLC) — tashriflar statistikasi;
  • Yandex Metrika («YANDEX» MChJ) — tashriflar statistikasi, bosishlar xaritasi va Vebvizor (sahifadagi bosish, skroll va sichqoncha harakatlarini yozib olish);
  • Meta pikseli (Meta Platforms Ireland Ltd) — sahifa ko‘rilishi va Telegram botga o‘tishni reklama natijasi sifatida qayd etish.

6.3. Ishonch bildiruvchi murojaat yaratganda Operator serveri Meta kompaniyasiga Conversions API orqali «murojaat yaratildi» hodisasini yuboradi. Bunda telefon raqami va foydalanuvchi identifikatori kabi belgilar faqat qaytarib tiklab bo‘lmaydigan SHA-256 xesh ko‘rinishida, shuningdek _fbp/_fbc belgilari, IP-manzil va brauzer ma’lumoti uzatiladi. Murojaat matni uzatilmaydi.

6.4. Foydalanuvchi brauzer sozlamalari orqali cookie-fayllarni o‘chirishi yoki bloklashi, reklama blokirovkalash vositalaridan foydalanishi mumkin; bunda Platformaning ayrim funksiyalari (masalan, tizimga kirish) ishlamasligi mumkin.

7. Ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga berish

7.1. Platforma ishlashi uchun ma’lumotlar Operator topshirig‘i bilan ishlov beruvchi quyidagi xizmat ko‘rsatuvchilarga beriladi:

  • Supabase Inc. — ma’lumotlar bazasi, autentifikatsiya va fayllarni saqlash (serverlar Hindistonda);
  • Vercel Inc. — veb-ilovani joylashtirish (serverlar Germaniyada);
  • Telegram FZ-LLC — Telegram orqali kirish, bot va bildirishnomalar;
  • Google LLC — Google hisobi orqali kirish, Google Analytics, Advokat taqdimot videolarini YouTube platformasida joylashtirish;
  • «YANDEX» MChJ — Yandex Metrika va ofis joylashuvini ko‘rsatuvchi Yandex xaritalari;
  • Meta Platforms Ireland Ltd — reklama samaradorligini o‘lchash (6-bo‘lim);
  • Upstash Inc. — so‘rovlar chastotasini cheklash (IP-manzil asosida);
  • «MULTICARD PAYMENT» AJ (Rahmat to‘lov xizmati; O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2021-yil 12-maydagi 26-son litsenziyasi) — to‘lovni qabul qilish, karta tokeni bo‘yicha summani bloklash, yechish va taqsimlash, elektron fiskal chek berish; Advokatlik tuzilmasining nomi, STIR va ulanish arizasi raqami tuzilmani Rahmat’ga ulash va to‘lovni tuzilma hisobiga o‘tkazish uchun beriladi.

7.2. 7.1-banddagi xizmat ko‘rsatuvchilarning ayrimlari serverlari O‘zbekistondan tashqarida (jumladan Hindiston, Germaniya, AQSh, Irlandiya va BAA hududida) joylashgan. Foydalanuvchi Siyosatni qabul qilish orqali Qonunning 15-moddasiga muvofiq ma’lumotlarining ushbu davlatlarga transchegaraviy uzatilishiga rozilik bildiradi.

7.3. Qonunning 27¹-moddasiga ko‘ra O‘zbekiston hududida saqlanishi shart bo‘lgan biometrik va genetik ma’lumotlar Platformada yig‘ilmaydi. Boshqa ma’lumotlar xorijda saqlanganda Operator xizmat ko‘rsatuvchilar bilan ma’lumotlarga ishlov berish shartnomalari (DPA) asosida ishlaydi; ular xalqaro axborot xavfsizligi standartlariga (masalan, ISO/IEC 27001, SOC 2 Type II) muvofiqligini mustaqil auditda tasdiqlagan.

7.4. Platforma ichida ma’lumotlar quyidagicha ko‘rinadi:

  • Ishonch bildiruvchining ismi va murojaati (matn, toifa, hudud, til) murojaat yo‘naltirilgan Advokatga ko‘rsatiladi; qo‘ng‘iroq so‘ralganda telefon raqami ham shu Advokatga beriladi;
  • «Barcha advokatlarga» xizmati orqali yuborilgan murojaatda Ishonch bildiruvchining ismi va tumani advokatlarga ko‘rsatilmaydi, faqat hududi (viloyat, Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoki Toshkent shahri) ko‘rsatiladi;
  • Advokatning telefon raqami Ishonch bildiruvchilarga va boshqa advokatlarga ko‘rsatilmaydi, aloqa Platforma chati orqali olib boriladi;
  • Advokatning ochiq profili (ism-sharif, surat, ixtisoslik, hudud, tajriba, tillar, litsenziya raqami, «Haqida» matni, ofis manzili, ijtimoiy tarmoqlar, taqdimot videosi, blog postlari, reyting, sharhlar, profil ko‘rishlar soni, VIP belgisi) har qanday tashrif buyuruvchiga, shuningdek qidiruv tizimlari va sun’iy intellekt xizmatlariga ochiq;
  • sharh muallifning qisqartirilgan ismi bilan e’lon qilinadi;
  • Ishonch bildiruvchi o‘z murojaati qaysi Advokatda ekanini, Advokat uni ochib ko‘rgan-ko‘rmaganini va boshqa Advokatga o‘tkazish izohini ko‘radi.

7.5. To‘lov bo‘yicha fiskal ma’lumotlar (xizmat nomi, summa, sana) qonun hujjatlariga muvofiq to‘lov xizmati orqali soliq organlariga uzatiladi. Shaxsga doir ma’lumotlar vakolatli davlat organlariga faqat qonun hujjatlarida belgilangan asoslar va tartibda beriladi.

8. Ma’lumotlarni saqlash muddati

8.1. Shaxsga doir ma’lumotlar ishlov berish maqsadiga erishilgunga qadar, odatda foydalanuvchi hisobi mavjud bo‘lgan davrda saqlanadi.

8.2. Foydalanuvchi hisobini o‘chirganda (kabinetdagi hisobni o‘chirish funksiyasi yoki Operatorga murojaat orqali) uning profili, murojaatlari, chat yozishmalari va sharhlari yo‘q qilinadi. Bundan quyidagilar mustasno: to‘lov va fiskal hujjatlar buxgalteriya hisobi va soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan muddat davomida saqlanadi; nizoni hal etish uchun zarur ma’lumotlar nizo hal bo‘lgunicha saqlanadi.

8.3. Platformada obuna to‘lovi joriy etilgandan keyin obuna muddati tugagan va 90 kun ichida uzaytirilmagan Advokat profili unga oid ma’lumotlar bilan birga avtomatik o‘chiriladi (8.2-banddagi istisnolar bundan mustasno).

8.4. Server jurnallari va analitika ma’lumotlari tegishli xizmat ko‘rsatuvchilarning saqlash muddatlari davomida saqlanadi.

8.5. Pullik konsultatsiya uchun saqlangan karta tokeni Ishonch bildiruvchi kartani yoki hisobini o‘chirguncha saqlanadi. Advokatlik tuzilmasi ma’lumotlari Advokat pullik konsultatsiya qabul qilishni to‘xtatguncha, so‘ngra buxgalteriya hisobi uchun qonun hujjatlarida belgilangan muddat davomida saqlanadi.

9. Ma’lumotlarni himoya qilish choralari

9.1. Operator shaxsga doir ma’lumotlarni ruxsatsiz kirish, o‘zgartirish, oshkor etish yoki yo‘q qilishdan himoya qilish uchun quyidagi huquqiy, tashkiliy va texnik choralarni qo‘llaydi:

  • barcha ulanishlarni HTTPS (TLS) protokoli orqali shifrlash;
  • ma’lumotlar bazasi darajasida kirishni cheklash (Row Level Security): har bir foydalanuvchi faqat o‘ziga ruxsat etilgan ma’lumotni ko‘radi, Advokat telefon raqami boshqa foydalanuvchilardan baza darajasida yopilgan;
  • bank kartasi ma’lumotlari faqat to‘lov xizmatining PCI DSS talablariga mos sahifasida kiritiladi va Operator serverlariga tushmaydi;
  • to‘lov xizmatidan keladigan xabarnomalarning raqamli imzosini tekshirish;
  • xizmat kalitlari va maxfiy parametrlarni himoyalangan muhitda saqlash;
  • so‘rovlar chastotasini cheklash va avtomatlashtirilgan hujumlardan himoya;
  • ma’muriy kirish huquqini zarur doira bilan cheklash.

9.2. Internet orqali ma’lumot uzatishning mutlaq xavfsizligini hech kim kafolatlay olmasligini inobatga olib, foydalanuvchi hisobga kirish vositalarini (jumladan Telegram va Google hisoblarini) sir saqlashga o‘zi ham mas’uldir.

10. Foydalanuvchining huquqlari

10.1. Qonunning 30-moddasiga muvofiq foydalanuvchi quyidagi huquqlarga ega:

  • o‘z ma’lumotlariga ishlov berilayotgani haqida bilish, ishlov berishning huquqiy asosi, maqsadi, usullari, ma’lumotlar tarkibi, saqlash muddati, ma’lumot berilgan shaxslar va transchegaraviy uzatish haqida axborot olish;
  • noto‘g‘ri, to‘liq bo‘lmagan yoki eskirgan ma’lumotlarni tuzatishni talab qilish;
  • ma’lumotlarini yo‘q qilishni (hisobni o‘chirishni) talab qilish;
  • rozilik berish va uni qaytarib olish;
  • to‘liq bo‘lmagan, eskirgan, qonunga xilof olingan yoki zarur bo‘lmay qolgan ma’lumotlarga ishlov berishni to‘xtatib turishni talab qilish;
  • avtomatlashtirilgan qarorga e’tiroz bildirish;
  • o‘z huquqlari buzilganda vakolatli davlat organiga yoki sudga murojaat qilish.

10.2. Bu huquqlarni amalga oshirish uchun foydalanuvchi 14-bo‘limdagi aloqa kanallari orqali «Shaxsga doir ma’lumotlar» mavzusi bilan murojaat qiladi. Noto‘g‘ri ma’lumotlar murojaat olingan kundan boshlab uch kun ichida tuzatiladi. Axborot berish rad etilsa, sababi o‘n kun ichida yozma (shu jumladan elektron) shaklda ma’lum qilinadi. Rozilik qanday shaklda berilgan bo‘lsa, shunday shaklda yoki yozma (elektron) shaklda qaytarib olinadi. Hisobni kabinetning o‘zidan ham o‘chirish mumkin.

10.3. Platforma ayrim qarorlarni avtomatlashtirilgan tarzda qabul qiladi:

  • murojaatni yo‘naltirish: oddiy murojaat bir vaqtda faqat bitta Advokatga yuboriladi; Advokat murojaatda ko‘rsatilgan viloyat doirasida, murojaat tili hisobga olingan holda tanlanadi — murojaat boshqa viloyat advokatlariga yuborilmaydi;
  • Advokatni tanlash navbati: avval murojaatda ko‘rsatilgan tuman yoki shahardagi Advokat, so‘ngra viloyat markazidagi va viloyatning boshqa advokatlari; bir bosqich ichida javob berish faolligi, reyting va murojaatlarni advokatlar o‘rtasida adolatli taqsimlash tamoyili hisobga olinadi;
  • Advokat Platformada e’lon qilingan muddat ichida (muddat faol soatlarda, Toshkent vaqti bilan hisoblanadi) javob bermasa yoki murojaatni asoslantirilgan izoh bilan o‘tkazsa, murojaat navbatdagi mos Advokatga o‘tadi va avvalgi Advokat uni ko‘ra olmaydi; barcha mos advokatlar navbatdan o‘tgach, navbat qaytadan boshlanishi mumkin; mos Advokat qolmasa, Operator Ishonch bildiruvchi bilan bog‘lanadi;
  • «Barcha advokatlarga» xizmati yoqilgan bo‘lsa, murojaat bir vaqtda barcha mos advokatlarga yuboriladi; VIP tarifdagi advokatlar uni boshqalardan 30 daqiqa oldin ko‘radi;
  • bir Ishonch bildiruvchining bir hududdagi oxirgi 7 kun ichida yuborilgan ochiq murojaatlari (masalan, yozma murojaat va qo‘ng‘iroq so‘rovi) bitta murojaat sifatida birlashtiriladi va bitta Advokatga yuboriladi;
  • Platformada obuna to‘lovi joriy etilgandan keyin faol obunasi bo‘lmagan Advokatga yangi murojaat yuborilmaydi; obuna tugaganidan 24 soat o‘tgach profil katalogdan yashiriladi, 90 kun ichida uzaytirilmasa o‘chiriladi;
  • advokatlar reytingi (shu jumladan oylik reyting) javob tezligi va faolligi, Ishonch bildiruvchilar baholari, blog postlari, VIP tarif hamda Platformada e’lon qilingan boshqa mezonlar asosida avtomatik hisoblanadi; muddatida javob berilmagan murojaat uchun oylik reytingdan Platformada e’lon qilingan miqdorda ball ayiriladi;
  • Ishonch bildiruvchi yopmagan murojaat 10 ish kunidan so‘ng avtomatik yopiladi.

Foydalanuvchi bunday qarorlar yuzasidan 14-bo‘limdagi aloqa kanallari orqali e’tiroz bildirishi mumkin. E’tiroz o‘n kun ichida ko‘rib chiqiladi va natijasi foydalanuvchiga ma’lum qilinadi.

11. Voyaga yetmaganlar

11.1. Platforma xizmatlari 18 yoshga to‘lgan shaxslarga mo‘ljallangan. Operator voyaga yetmaganlarning shaxsga doir ma’lumotlarini bila turib yig‘maydi. Voyaga yetmagan shaxs ma’lumot taqdim etgani aniqlansa, bunday ma’lumotlar o‘chiriladi.

12. Siyosatga o‘zgartirishlar kiritish

12.1. Operator Siyosatga bir tomonlama tartibda o‘zgartirish kiritishi mumkin. Yangi tahrir Platformada e’lon qilingan paytdan kuchga kiradi, uning sanasi Siyosat boshida ko‘rsatiladi. Muhim o‘zgarishlar haqida foydalanuvchilar Platforma yoki Telegram orqali qo‘shimcha xabardor qilinishi mumkin.

12.2. Foydalanuvchi o‘zgarishlar e’lon qilinganidan keyin Platformadan foydalanishni davom ettirsa, yangi tahrirni qabul qilgan hisoblanadi.

13. Mas’ul shaxs

13.1. Qonunning 31-moddasiga muvofiq shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish va ularni himoya qilish uchun Operatorning o‘zi — yakka tartibdagi tadbirkor Mamatqulova Diloromxon Umarovna mas’ul. Murojaatlar info@advokatkerak.uz manziliga «Shaxsga doir ma’lumotlar» mavzusi bilan yuboriladi.

14. Operator rekvizitlari va aloqa

  • Platforma: «Advokat Kerak» — advokatkerak.uz
  • Operator: yakka tartibdagi tadbirkor Mamatqulova Diloromxon Umarovna
  • Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan: 31.10.2026, Tadbirkorlik subyektlarining yagona davlat reyestridagi yozuv № 8098131 (Asaka tumani davlat xizmatlari markazi)
  • Elektron pochta: info@advokatkerak.uz
  • Telefon: +998 93 701 11 01, +998 77 017 44 22
  • Telegram: t.me/advokatkerakuz, bot: @ADVOKAT_KERAK_bot