Ommaviy oferta
«Advokat Kerak» onlayn-platformasi xizmatlaridan foydalanish to‘g‘risidagi foydalanuvchi kelishuvi
Ushbu hujjat O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 367 va 369-moddalariga muvofiq ommaviy oferta hisoblanadi va «Advokat Kerak» onlayn-platformasini (keyingi o‘rinlarda — «Platforma») yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkor Mamatqulova Diloromxon Umarovnaning (keyingi o‘rinlarda — «Ma’muriyat») har qanday jismoniy shaxsga Platformadan foydalanish xizmatlarini quyida bayon etilgan shartlarda ko‘rsatish haqidagi rasmiy taklifidir. Ma’muriyat rekvizitlari 14-bo‘limda keltirilgan.
1. Atamalar va ta’riflar
Platforma — advokatkerak.uz veb-sayti, @ADVOKAT_KERAK_bot Telegram boti va Telegram mini-ilovasidan iborat dasturiy ta’minot bo‘lib, yuridik yordamga muhtoj shaxslar va advokatlarga bir-birini topish, murojaat yuborish va yozishish uchun onlayn vositalarni taqdim etadi.
Ma’muriyat — Platformani yurituvchi va ushbu Oferta bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkor Mamatqulova Diloromxon Umarovna.
Ishonch bildiruvchi — yuridik yordam olish maqsadida Platformada ro‘yxatdan o‘tgan jismoniy shaxs.
Advokat — O‘zbekiston Respublikasining «Advokatura to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lgan hamda Platformada ro‘yxatdan o‘tgan shaxs.
Foydalanuvchi — Ishonch bildiruvchi va Advokatning umumiy nomlanishi, shuningdek Platformaga tashrif buyurgan har qanday shaxs.
Aksept — ushbu Oferta shartlarini to‘liq va so‘zsiz qabul qilish.
Shaxsiy kabinet — foydalanuvchining Platformadagi himoyalangan shaxsiy sahifasi.
Pullik xizmatlar — 4-bo‘limda ko‘rsatilgan, Ma’muriyat haq evaziga ko‘rsatadigan dasturiy xizmatlar.
Advokatlik tuzilmasi — «Advokatura to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq tashkil etilgan advokatlik byurosi, advokatlik firmasi, advokatlar hay’ati yoki yuridik maslahatxona.
Pullik konsultatsiya — Ishonch bildiruvchi Platforma orqali buyurtma qiladigan va Advokat telefon orqali beradigan yuridik konsultatsiya (4¹-bo‘lim).
Blok — to‘lov summasini Ishonch bildiruvchining bank kartasida yechmasdan vaqtincha band qilish; summa faqat 4¹-bo‘limda nazarda tutilgan holda yechiladi, aks holda blok bekor qilinadi.
2. Oferta predmeti
2.1. Ma’muriyat Foydalanuvchilarga Platformadan foydalanish bo‘yicha quyidagi dasturiy xizmatlarni ko‘rsatadi:
- Advokatlarning ochiq profillari (ixtisoslik, hudud, tajriba, reyting, sharhlar) joylashtirilgan katalogdan foydalanish;
- Ishonch bildiruvchi murojaatini mos Advokatga avtomatik yo‘naltirish;
- Ishonch bildiruvchi va Advokat o‘rtasida ichki chat orqali bevosita aloqa o‘rnatish;
- Advokatlarga profil joylashtirish va obuna asosida murojaatlarni qabul qilish imkoniyati;
- reyting, baholash va sharhlar tizimi;
- Ishonch bildiruvchiga Advokatdan telefon orqali pullik konsultatsiya buyurtma qilish va uning haqini Rahmat to‘lov xizmati orqali to‘lash imkoniyati (4¹-bo‘lim);
- Telegram orqali bildirishnomalar olish.
2.2. MUHIM: Platforma advokatlik tuzilmasi emas, advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanmaydi, yuridik xizmat ko‘rsatmaydi va yuridik maslahat bermaydi. Platforma faqat Ishonch bildiruvchi va Advokat o‘rtasida aloqa o‘rnatish uchun texnik imkoniyat yaratadi.
2.3. Yuridik yordam ko‘rsatish bo‘yicha munosabatlar bevosita Ishonch bildiruvchi va Advokat o‘rtasida, Platformaning ishtirokisiz, ular o‘rtasidagi alohida kelishuv asosida vujudga keladi. Platforma bunday kelishuvning tarafi hisoblanmaydi. Pullik konsultatsiyada Ma’muriyat faqat buyurtma berish va to‘lov uchun dasturiy vositani taqdim etadi; konsultatsiya haqi Rahmat to‘lov xizmati orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri Advokatlik tuzilmasi hisobiga o‘tadi.
3. Ofertani aksept qilish tartibi
3.1. Foydalanuvchining Platformada ro‘yxatdan o‘tishi (Google yoki Telegram hisobi orqali tizimga kirishi va profilni to‘ldirishi) ushbu Ofertaning to‘liq va so‘zsiz aksepti hisoblanadi hamda Fuqarolik kodeksining 370-moddasiga muvofiq shartnoma tuzilganiga tenglashtiriladi.
3.2. Aksept bilan Foydalanuvchi shuningdek Platformaning Maxfiylik siyosati shartlarini qabul qiladi va o‘z shaxsga doir ma’lumotlarini qayta ishlashga rozilik bildiradi.
3.3. Ro‘yxatdan o‘tish orqali Foydalanuvchi 18 yoshga to‘lganligini va muomala layoqatiga ega ekanligini tasdiqlaydi.
3.4. Pullik xizmatga haq to‘lash ushbu Ofertaning tegishli shartlarini qabul qilish hisoblanadi. Advokat obuna to‘lovidan oldin Oferta bilan tanishganini alohida belgi bilan tasdiqlaydi.
4. Xizmatlar narxi va hisob-kitob tartibi
4.1. Ishonch bildiruvchi uchun ro‘yxatdan o‘tish, murojaat va qo‘ng‘iroq so‘rovini yuborish hamda Advokat bilan yozishish bepul, 4¹-bo‘limda nazarda tutilgan pullik konsultatsiya bundan mustasno.
4.2. Ma’muriyat quyidagi pullik xizmatlarni ko‘rsatadi:
- Advokat obunasi, Standart tarif — 30 kun uchun 99 000 (to‘qson to‘qqiz ming) so‘m;
- Advokat obunasi, VIP tarif — 30 kun uchun 250 000 (ikki yuz ellik ming) so‘m; VIP tarifda profil alohida belgi bilan ajratiladi, «Barcha advokatlarga» murojaatlari Advokatga boshqalardan 30 daqiqa oldin ko‘rsatiladi va oylik reytingga 500 ball qo‘shiladi;
- «Barcha advokatlarga» xizmati (Ishonch bildiruvchining yozma murojaatini bir vaqtda barcha mos advokatlarga yuborish) — 25 000 (yigirma besh ming) so‘m; murojaat to‘lov tasdiqlangandan keyin yuboriladi. Advokat murojaatni «Ish hal bo‘ldi» deb belgilaganidan keyin 14 soat ichida Ishonch bildiruvchi «Ish hal bo‘lmadi» deb e’tiroz bildirmasa, murojaat yopiladi; har qanday holatda murojaat kelib tushgan paytdan boshlab 3 sutka o‘tgach avtomatik yopiladi.
4.3. Advokatlar murojaatlarni obuna asosida qabul qiladi. Obuna faqat litsenziyasi Ma’muriyat tomonidan tasdiqlangan Advokatga beriladi.
4.4. 2026-yil 13-noyabrgacha (shu kun ham kiradi) ro‘yxatdan o‘tgan Advokatga litsenziyasi Ma’muriyat tomonidan tasdiqlangan kundan boshlab 90 (to‘qson) kunlik, 2026-yil 14-noyabrdan 31-dekabrgacha (shu kunlar ham kiradi) ro‘yxatdan o‘tgan Advokatga esa 30 (o‘ttiz) kunlik bepul muddat beriladi. 2027-yil 1-yanvardan boshlab ro‘yxatdan o‘tgan Advokatlarga bepul muddat berilmaydi — obuna to‘lovi birinchi oydan amalga oshiriladi.
4.5. Ofertaning 1.1-tahriri kuchga kirgunga qadar (2026-yil 11-oktyabrgacha) ro‘yxatdan o‘tgan Advokatlar uchun obuna 2027-yil 1-martgacha bepul. Shu muddatdan keyin obuna 4.2-bandda ko‘rsatilgan narxda davom ettiriladi.
4.6. Obuna avtomatik uzaytirilmaydi va kartadan pul avtomatik yechib olinmaydi: har bir davr alohida to‘lanadi. Obuna (shu jumladan bepul muddat) tugagach:
- 24 soat davomida profil katalogda ko‘rinadi, biroq Advokatga yangi murojaat yuborilmaydi va mavjud murojaatlarga javob yozish to‘xtatiladi;
- so‘ngra profil katalogdan yashiriladi (muzlatiladi);
- obuna tugaganidan keyingi 31–60-kunlarda tiklashda obuna narxiga profil ma’lumotlarini saqlash haqi sifatida 50 000 so‘m, 61–90-kunlarda 100 000 so‘m qo‘shiladi;
- 90 kun ichida tiklanmagan profil unga oid ma’lumotlar bilan birga o‘chiriladi.
4.7. 4.2 va 4.6-bandlarda nazarda tutilgan to‘lovlar Ma’muriyat Platformada to‘lov qabul qilishni ishga tushirgan kundan boshlab qo‘llaniladi. Ishga tushirish sanasi Platformada va Telegram orqali oldindan e’lon qilinadi. Ungacha Platformadan foydalanish uchun haq olinmaydi.
4.8. To‘lov Rahmat to‘lov xizmati («MULTICARD PAYMENT» AJ) orqali Uzcard, Humo, Visa, Mastercard kartalari va to‘lov xizmati qo‘llab-quvvatlaydigan boshqa usullar bilan amalga oshiriladi. Narxlar so‘mda ko‘rsatilgan va yakuniy hisoblanadi. Har bir to‘lov uchun elektron fiskal chek beriladi. Xizmat to‘lov tasdiqlangan zahoti faollashadi.
4.9. Pulni qaytarish tartibi:
- to‘lov o‘tgan, biroq texnik sabab bilan xizmat ko‘rsatilmagan bo‘lsa (obuna faollashmagan yoki murojaat advokatlarga yuborilmagan) yoxud bitta xizmat uchun to‘lov ikki marta yechilgan bo‘lsa, summa to‘liq qaytariladi;
- xizmat ko‘rsatilgandan keyin (obuna faollashgach yoki murojaat advokatlarga yuborilgach) to‘lov qaytarilmaydi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
- qaytarish uchun Foydalanuvchi buyurtma raqami yoki to‘lov sanasi va summasini ko‘rsatib, info@advokatkerak.uz manziliga yoki 14-bo‘limdagi boshqa kanallar orqali murojaat qiladi; murojaat 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi;
- pul to‘lov qilingan usulda (o‘sha kartaga) qaytariladi; pulning kartaga tushish muddati bank qoidalariga bog‘liq.
4.10. Ma’muriyat kelgusida boshqa pullik xizmatlarni joriy etishi mumkin. Bunday xizmatlarning tavsifi, narxi va to‘lov tartibi Platformada oldindan e’lon qilinadi hamda ushbu Ofertaga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi. Narx o‘zgarishi allaqachon to‘langan davrga ta’sir qilmaydi. Pullik xizmatlardan foydalanish Foydalanuvchining ixtiyoriy tanlovidir.
4.11. Ishonch bildiruvchi va Advokat o‘rtasidagi yuridik xizmatlar uchun haq to‘lash masalalari ular o‘rtasida mustaqil hal etiladi; Platforma bunday hisob-kitoblarda ishtirok etmaydi va ular uchun javobgar emas. Bundan 4¹-bo‘limdagi pullik konsultatsiya mustasno: uning haqi Platforma orqali to‘lanadi, biroq Ma’muriyat hisobidan o‘tmaydi.
4¹. Pullik konsultatsiya
4¹.1. Pullik konsultatsiya — Ishonch bildiruvchi Platforma orqali buyurtma qiladigan va Advokat telefon orqali beradigan yuridik konsultatsiya. Yuridik yordamni Advokat (u a’zo bo‘lgan Advokatlik tuzilmasi) ko‘rsatadi; Ma’muriyat yuridik yordam ko‘rsatmaydi va konsultatsiya mazmuni uchun javobgar emas.
4¹.2. Pullik konsultatsiya turlari va narxi:
- Advokat profilidagi narx bo‘yicha konsultatsiya — narxni Advokat o‘zi belgilaydi (kamida 50 000 so‘m), narx profilda va buyurtma oynasida ko‘rsatiladi;
- hududiy kafolatli qo‘ng‘iroq — 50 000 (ellik ming) so‘m; so‘rov Ishonch bildiruvchi tanlagan hudud va tilda pullik konsultatsiya beradigan Advokatlarga navbat bilan yuboriladi.
4¹.3. Ishonch bildiruvchi ko‘rsatilgan narxdan ortiq to‘lov qilmaydi. Ma’muriyatning dasturiy xizmat haqi (agar bo‘lsa) Advokat bilan kelishilgan tartibda shu narx ichidan ushlab qolinadi.
4¹.4. To‘lov tartibi:
- Ishonch bildiruvchi bank kartasini Rahmat to‘lov xizmati sahifasida SMS kod bilan bog‘laydi; kartaning to‘liq raqami Platformaga berilmaydi, keyingi buyurtmalar uchun Rahmat bergan karta tokeni saqlanadi va Ishonch bildiruvchi uni istalgan vaqtda o‘chirishi mumkin;
- buyurtma berilganda konsultatsiya narxi kartada 7 (yetti) kungacha bloklanadi va yechilmaydi; shu paytda so‘rov Advokatga yuboriladi;
- Advokat konsultatsiya bergach buni Platformada belgilaydi; Ishonch bildiruvchi 24 soat ichida konsultatsiyani tasdiqlaydi yoki e’tiroz bildiradi; tasdiqlanganda yoki shu muddatda e’tiroz bildirilmaganda bloklangan summa kartadan yechiladi;
- yechilgan summa Rahmat to‘lov xizmatining taqsimlash (split) xizmati orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri Advokatlik tuzilmasi hisobiga o‘tkaziladi; Ma’muriyat ulushi (agar bo‘lsa) Ma’muriyat hisobiga tushadi; hududiy kafolatli qo‘ng‘iroqda Ma’muriyat haq olmaydi;
- yechilgan to‘lov uchun Rahmat to‘lov xizmati elektron fiskal chek beradi.
4¹.5. Blok bekor qilinadi va summa yechilmaydi, agar 24 soat ichida konsultatsiya berilmasa, tanlangan Advokat profili yashirilsa yoki u pullik konsultatsiya qabul qilishni to‘xtatsa, e’tiroz Ishonch bildiruvchi foydasiga hal etilsa yoxud blok muddati tugasa.
4¹.6. E’tiroz bildirilganda Ma’muriyat tomonlardan tushuntirish so‘rab, blok muddati ichida qaror qabul qiladi: konsultatsiya berilgan deb topilsa summa yechiladi, aks holda blok bekor qilinadi. Blok muddati ichida qaror qabul qilinmasa, bank blokni o‘zi bekor qiladi.
4¹.7. Yechilgan konsultatsiya haqini qaytarish masalalari Ishonch bildiruvchi va Advokat (Advokatlik tuzilmasi) o‘rtasida hal etiladi. Texnik xato (masalan, bitta buyurtma uchun ikki marta yechilish) aniqlansa, Ma’muriyat 4.9-banddagi tartibda qaytarishni tashkil etadi.
4¹.8. Advokat uchun shartlar: pullik konsultatsiya qabul qilish uchun Advokat o‘zi a’zo bo‘lgan Advokatlik tuzilmasining rahbari Rahmat to‘lov xizmatiga ulanish arizasini o‘zi topshiradi va u bilan alohida shartnoma tuzadi. Advokat shaxsiy kabinetda ariza raqami va tuzilma ma’lumotlarini yuboradi hamda tuzilma nomidan ish ko‘rishga vakolati borligini tasdiqlaydi. Ulanish tasdiqlangach Advokat narx belgilashi mumkin. Advokatlik tuzilmasiga o‘tadigan ulush va boshqa shartlar shaxsiy kabinetda ko‘rsatiladi va Advokat ularni alohida belgi bilan qabul qiladi.
4¹.9. Pullik konsultatsiya Ma’muriyat uni ishga tushirgan kundan boshlab qo‘llaniladi; ungacha qo‘ng‘iroq so‘rovi bepul (4.1-band).
5. Tomonlarning huquq va majburiyatlari
5.1. Ma’muriyat majburiyatlari:
- Platformaning ishlashini texnik jihatdan ta’minlash (texnik ishlar va uzrli sabablarga ko‘ra uzilishlar bundan mustasno);
- Foydalanuvchilarning shaxsga doir ma’lumotlarini Maxfiylik siyosatiga muvofiq himoya qilish;
- pullik xizmat to‘lovi tasdiqlangach xizmatni darhol faollashtirish va elektron fiskal chek berish;
- shikoyatlarni ko‘rib chiqish va qoidabuzarliklarga choralar ko‘rish.
5.2. Ma’muriyat huquqlari:
- Oferta shartlarini buzgan Foydalanuvchi hisobini ogohlantirishsiz cheklash, to‘xtatib turish yoki butunlay bloklash;
- joylashtirilgan ma’lumotlarni (profil, sharh, xabar) qoidalarga zid bo‘lsa o‘chirish yoki tahrirlash;
- xizmatlardan foydalanish chastotasiga texnik cheklovlar (limitlar) o‘rnatish;
- Platformani takomillashtirish, funksiyalarni o‘zgartirish yoki bekor qilish;
- Advokatning litsenziya ma’lumotlarini tekshirish va tasdiqlanmaguncha profilni faollashtirmaslik.
5.3. Foydalanuvchi majburiyatlari:
- ro‘yxatdan o‘tishda va profilda faqat haqqoniy, to‘liq va dolzarb ma’lumotlarni taqdim etish;
- hisobga kirish vositalarini (Google/Telegram hisoblari) sir saqlash va uchinchi shaxslarga bermaslik;
- Platformadan faqat qonuniy maqsadlarda foydalanish;
- boshqa Foydalanuvchilarning huquqlari va qadr-qimmatini hurmat qilish.
5.4. Advokatning qo‘shimcha majburiyatlari:
- amaldagi advokatlik litsenziyasiga (guvohnomasiga) ega bo‘lish va uning haqiqiy ma’lumotlarini ko‘rsatish;
- litsenziya bekor qilingan yoki to‘xtatilgan taqdirda bu haqda Ma’muriyatni darhol xabardor qilish va Platformadagi faoliyatni to‘xtatish;
- kasbiy odob-axloq qoidalariga va «Advokatura to‘g‘risida»gi Qonun talablariga rioya etish;
- advokatlik siri rejimiga rioya qilish.
6. Taqiqlangan harakatlar
6.1. Foydalanuvchiga quyidagilar taqiqlanadi:
- soxta, chalg‘ituvchi ma’lumotlar taqdim etish, o‘zini boshqa shaxs deb ko‘rsatish, advokat bo‘lmagan holda advokat maqomini da’vo qilish;
- haqoratomuz, tahdidli, tuhmat xarakteridagi, ekstremistik yoki qonunga zid mazmundagi xabarlar yuborish;
- spam tarqatish, reklama joylashtirish (Ma’muriyat roziligisiz), ommaviy avtomatlashtirilgan so‘rovlar yuborish;
- Platformaning dasturiy ta’minotiga zarar yetkazishga urinish, xavfsizlik tizimlarini chetlab o‘tish, boshqa foydalanuvchilar ma’lumotlariga ruxsatsiz kirishga harakat qilish;
- reyting va sharhlar tizimini sun’iy ravishda buzish (soxta sharhlar, kelishilgan baholash);
- Platforma kontentini Ma’muriyat roziligisiz nusxalash va tijorat maqsadlarida foydalanish.
6.2. Ushbu bo‘lim talablari buzilganda Ma’muriyat hisobni vaqtincha yoki doimiy bloklash, shu jumladan qayta ro‘yxatdan o‘tishning oldini olish choralarini qo‘llash huquqiga ega. Qonunbuzarlik alomatlari mavjud bo‘lsa, materiallar vakolatli organlarga taqdim etilishi mumkin.
7. Reyting, sharhlar va shikoyatlar
7.1. Ishonch bildiruvchilar Advokat bilan haqiqiy muloqotdan so‘ng unga baho qo‘yishi va sharh qoldirishi mumkin. Advokatning umumiy reytingi barcha baholar asosida statistik usulda hisoblanadi.
7.2. Sharh mazmuni uchun uni qoldirgan Foydalanuvchi javobgardir. Ma’muriyat qoidalarga zid sharhlarni o‘chirish huquqiga ega, biroq sharhlarning obyektivligini kafolatlamaydi.
7.3. Advokat Ishonch bildiruvchining nomaqbul xatti-harakati yuzasidan Ma’muriyatga shikoyat yuborishi mumkin. Shikoyatlar Ma’muriyat tomonidan ko‘rib chiqiladi va tasdiqlangan qoidabuzarlik uchun Ishonch bildiruvchi hisobi bloklanishi mumkin.
8. Javobgarlikni cheklash
8.1. Ma’muriyat yuridik xizmat ko‘rsatmaydi va Ishonch bildiruvchi bilan Advokat o‘rtasidagi kelishuvning tarafi emas, shu sababli quyidagilar uchun javobgar emas:
- Advokat tomonidan ko‘rsatilgan yuridik xizmatlarning sifati, muddati, natijasi va oqibatlari;
- Foydalanuvchilar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarning haqqoniyligi (Ma’muriyat litsenziya ma’lumotlarini imkon qadar tekshiradi, biroq mutlaq kafolat bermaydi);
- Ishonch bildiruvchi va Advokat o‘rtasidagi kelishuvlar, hisob-kitoblar va nizolar;
- Foydalanuvchining Platformadan foydalanish yoki foydalana olmaslik natijasida ko‘rgan bilvosita zararlari;
- uchinchi shaxslar xizmatlaridagi (Google, Telegram, hosting-provayderlar) uzilishlar.
8.2. Platformadagi hech qanday ma’lumot yuridik maslahat sifatida talqin etilmasligi kerak. Muayyan huquqiy vaziyat bo‘yicha maslahatni faqat malakali Advokat beradi.
8.3. Foydalanuvchi Platformadan «boricha» (as is) tamoyili asosida foydalanadi. Ma’muriyat Platformaning uzluksiz va xatosiz ishlashini kafolatlamaydi, biroq buning uchun barcha oqilona choralarni ko‘radi.
8.4. Har qanday holatda Ma’muriyatning Foydalanuvchi oldidagi jami javobgarligi qonun hujjatlarida belgilangan doiralar bilan cheklanadi.
9. Intellektual mulk
9.1. Platformaning dasturiy ta’minoti, dizayni, logotipi, matnlari va boshqa elementlariga bo‘lgan mutlaq huquqlar Ma’muriyatga yoki uning huquq egalariga tegishli bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining mualliflik huquqi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bilan himoyalanadi.
9.2. Foydalanuvchi o‘zi joylashtirgan kontent (profil ma’lumotlari, sharhlar) yuzasidan Platforma faoliyati doirasida ko‘rsatish uchun Ma’muriyatga bepul, muddatsiz oddiy (noeksklyuziv) litsenziya beradi.
10. Shaxsga doir ma’lumotlar
10.1. Shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va himoya qilish tartibi Platformaning Maxfiylik siyosatida belgilangan bo‘lib, u ushbu Ofertaning ajralmas qismi hisoblanadi.
11. Fors-major
11.1. Tomonlar yengib bo‘lmas kuch holatlari (tabiiy ofatlar, davlat organlari qarorlari, ommaviy tartibsizliklar, elektr va aloqa tarmoqlaridagi keng ko‘lamli uzilishlar va boshqalar) tufayli majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun javobgarlikdan ozod etiladi.
12. Nizolarni hal etish tartibi
12.1. Ushbu Oferta yuzasidan kelib chiqadigan nizolar avvalo muzokaralar yo‘li bilan hal etiladi. Yozma da’vo (pretenziya) Ma’muriyat tomonidan 15 (o‘n besh) ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.
12.2. Kelishuvga erishilmagan taqdirda nizolar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq sud tartibida hal etiladi.
12.3. Ushbu Ofertaga O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi qo‘llaniladi.
13. Ofertaning amal qilishi va o‘zgartirilishi
13.1. Oferta Platformada e’lon qilingan paytdan boshlab kuchga kiradi va muddatsiz amal qiladi.
13.2. Ma’muriyat Ofertaga bir tomonlama tartibda o‘zgartirish kiritish huquqiga ega. Yangi tahrir e’lon qilingan paytdan kuchga kiradi. Foydalanuvchi o‘zgarishlardan keyin Platformadan foydalanishni davom ettirsa, yangi shartlarni qabul qilgan hisoblanadi. Pullik xizmatlar narxi o‘zgarsa, yangi narx u e’lon qilingandan keyin to‘lanadigan davrlarga qo‘llaniladi.
13.3. Foydalanuvchi istalgan vaqtda hisobini o‘chirish orqali Ofertadan bir tomonlama voz kechishi mumkin.
13.4. Ofertaning biror qoidasi haqiqiy emas deb topilsa, bu qolgan qoidalarning amal qilishiga ta’sir etmaydi.
14. Ma’muriyat rekvizitlari
- Platforma: «Advokat Kerak» — advokatkerak.uz
- Operator: yakka tartibdagi tadbirkor Mamatqulova Diloromxon Umarovna
- Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan: 31.10.2026, Tadbirkorlik subyektlarining yagona davlat reyestridagi yozuv № 8098131 (Asaka tumani davlat xizmatlari markazi)
- Elektron pochta: info@advokatkerak.uz
- Telefon: +998 93 701 11 01, +998 77 017 44 22
- Telegram: t.me/advokatkerakuz, bot: @ADVOKAT_KERAK_bot