Advokat Kerak haqida
Advokat Kerak — huquqiy yordamga muhtoj odam bilan unga aynan mos advokatni bog'lovchi platforma. Biz advokatlik xizmatini o'zimiz ko'rsatmaymiz: bizning vazifamiz — sizga ishonchli, litsenziyasi tekshirilgan mutaxassisni topib berish va u bilan to'g'ridan-to'g'ri bog'lanish imkonini yaratish.
Muammo nimada edi
O'zbekistonda advokat izlash odatda tanish-bilish orqali kechadi. Natijada odam o'z ishiga ixtisoslashmagan advokatga tushib qoladi yoki umuman litsenziyasi yo'q "maslahatchi"ga pul to'laydi. Boshqa tomondan, yaxshi advokatning ham mijoz topish kanali cheklangan.
Platforma shu ikki tomonni bir joyga to'playdi: siz muammoingizni yozasiz, unga mos yo'nalishdagi advokatlar javob beradi va siz tajriba, reyting hamda mijozlar sharhlariga qarab tanlaysiz.
Advokatlarni qanday tekshiramiz
Platformada ro'yxatdan o'tgan har bir advokat qo'lda tekshiruvdan o'tadi — avtomatik tasdiqlash YO'Q.
- Advokat litsenziya hujjatining nusxasini yuklaydi
- Administrator hujjatni shaxsan ko’rib chiqadi va yo’nalishini belgilaydi
- Faoliyat yo’nalishi rasmiy ikki toifadan biriga (yoki ikkalasiga) biriktiriladi
- Faqat tasdiqlangandan keyin profil ommaviy ro’yxatga chiqadi
- Mijozlar shikoyati kelsa profil qayta ko’rib chiqiladi va bloklanishi mumkin
Reyting qanday hisoblanadi
Reyting oddiy o'rtacha ball emas. Biz Bayes usulidagi vaznli reytingdan foydalanamiz: bitta 5 yulduzli sharh olgan yangi advokat o'nlab sharhga ega tajribali advokatdan yuqoriga chiqib ketmaydi.
Ballga sharhlardan tashqari profil to'liqligi ham ta'sir qiladi: ofis joylashuvi ko'rsatilgani, huquqiy maqolalar yozilgani va profil ma'lumotlari to'ldirilgani. Bu mijozga ko'proq ma'lumot beradigan advokatni yuqoriroq ko'rsatadi.
Nimalarni va’da qilmaymiz
Biz sud natijasini kafolatlamaymiz va bunday va'da beradigan har qanday xizmatga ehtiyot bo'lishni maslahat beramiz — sud qarorini hech kim oldindan kafolatlay olmaydi.
Shuningdek, biz advokat bilan mijoz o'rtasidagi shartnomaning tarafi emasmiz: xizmat shartlari va haqi to'g'ridan-to'g'ri siz va advokat o'rtasida kelishiladi.